Ushbu tadbir davomida mamlakatimizning 726 ta mahallasida ayollar, bolalar va uy xoʻjaliklarining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi toʻgʻrisida muhim maʼlumotlarni yigʻish koʻzda tutilgan.

Multiindikator klaster kuzatuvlari (MIS) maʼlumotlarini yigʻish 2021-yil 31-iyulgacha davom etadi.

2019-yil 24-iyulda Vazirlar Mahkamasining “2020–2021- yillarda Oʻzbekiston Respublikasida multindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Multiindikator klaster kuzatuvlari (MIS)ni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – aholining yashash sharoitlari toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻishdir.

Toʻplangan maʼlumotlar va koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish yoʻlidagi taraqqiyotini kuzatish uchun muhim omil boʻladi va xalqaro maʼlumotlar bazalariga kiritiladi.

Shuni ham taʼkidlash kerakki, ular ijtimoiy xizmatlar sohasida qarorlar qabul qilish, milliy siyosatni, rivojlanish va xizmat koʻrsatish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun ham zarurdir.

Multiindikator klaster kuzatuvlari (MIS)ni oʻtkazish aholining yashash sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek 15 yoshdan 49 yoshgacha boʻlgan ayollar bilan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarini, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar toʻgʻrisida onalari yoki vasiylaridan olingan aniq maʼlumotlarni, aholi turmush darajasi, yashash joyi (shahar yoki qishloq) va jinsi boʻyicha toʻplangan barcha maʼlumotlarni mamlakatlar miqyosida xalqaro darajada taqqoslash imkonini beradi, deb xabar beradi Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati.