Oʻzbekistonda nasiya savdo bozori ishtirokchilari uchun Axloq kodeksi ishlab chiqildi

    Markaziy bank nasiya savdo bozori ishtirokchilarining Axloq kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qildi.

    Kodeksda isteʼmolchi huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, aholida qarz yuki oshib ketishi xavfini kamaytirish koʻzda tutilgan. Bozor ishtirokchilari orasida sogʻlom raqobat muhiti yaratish va moliyaviy tizim barqarorligini taʼminlash maqsadi ilgari surilgan.

    Dastlabki talablar

    Axloq kodeksi qator talablarni oʻz ichiga oladi. Masalan, nasiya savdo bilan shugʻullanuvchilar birinchi navbatda FinTex assotsiatsiyasi aʼzosi boʻlishi lozim. Keyin ularga maxsus ishonch belgisi beriladi. Bunday belgi olgan nasiya savdo tashkilotlari roʻyxati assotsiatsiya saytida eʼlon qilinadi.

    Ishonch belgisini olish uchun 2025-yil 1-noyabrgacha ixtiyoriy va yengillashtirilgan tartib ishlaydi. Bunda tashkilot FinTex assotsiatsiyasiga aʼzo boʻlib, Axloq kodeksiga amal qilish majburiyatini olgani boʻyicha eʼlon beradi. Faoliyati kodeksga muvofiq boʻlishi yuzasidan assotsiatsiyaning ijobiy xulosasi va ishonch belgisini oladi.

    2025-yil 1-noyabrdan esa ishonch belgisi olish tartibi toʻliq va majburiy joriy qilinadi. Bunda yuqoridagi yengillashtirilgan tartiblardan tashqari, tadbirkorlik subyektining kodeks talablariga muvofiqligi mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan oʻrganiladi. Muvofiqlik tasdiqlansa, keyin ishonch belgisi taqdim etiladi.

    Axloq kodeksiga rioya qilayotgani mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan har uch yilda oʻrganib boriladi.

    Sotuvchi shartnoma shartlarini ochiqlaydi

    Kodeksga koʻra, har bir nasiya bozori ishtirokchisi isteʼmolchilar bilan tuzgan shartnomalar shartlarini oshkor qilishi shart. Xususan, rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlar ochiqlanishi darkor. Tartibga koʻra, quyidagilar oshkor etilishi kerak:

    • Davlat roʻyxatidan oʻtgan nom hamda kontakt maʼlumotlari;
    • Mahsulotlar boʻyicha maʼlumotlar;
    • Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi, barcha toʻlovlar, ularning hisoblanish usuli hamda eng yuqori miqdori;
    • Toʻlovlarni amalga oshirish tartibi (shu jumladan, muddatidan oldin toʻlov qilish imkoniyati);
    • Xizmatlardan foydalanish shartlari (terms and conditions);
    • Maxfiylik siyosati;
    • Axloq kodeksining nusxasiga havola va ishonch belgisi statusi haqida maʼlumot.

    Kodeks talabiga koʻra, sotuvchi shartnoma tuzishdan oldin mijozlarga quyidagi maʼlumotlarni taqdim etishi lozim:

    • Tovar yoki xizmatning biryoʻla toʻlash uchun belgilangan toʻliq narxi;
    • Barcha ustama va komissiyalarni hisobga olgan holda toʻlanadigan umumiy summa;
    • Toʻlov jadvali;
    • Barcha turdagi yigʻimlar, jarimalar;
    • Nasiya savdo xizmatining toʻliq qiymatini yillik foizlardagi ekvivalenti (APR);
    • Shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari;
    • Toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmaslikning oqibatlari haqida maʼlumot;
    • Nasiya savdo tashkilotining ishonch belgisi raqami;
    • Murojaat uchun kontakt maʼlumotlari.

    Reklamaga doir talablar

    Nasiya savdo xizmatlariga oid reklama maʼlumotlari “Reklama toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq boʻlishi lozim.

    Reklama va targʻibot maʼlumotlari noaniq, notoʻgʻri yoʻnaltiruvchi yoki chalgʻituvchi boʻlmasligi talab etiladi.

    Reklamaga doir talablar islomiy moliya tamoyillariga muvofiq deb taqdim etiladigan reklamalarda muvofiqlik haqida qisqacha izoh va Maxsus kengash xulosasi joylashgan manbaga havola taqdim etilishi lozim. Masalan, “0 foiz” va “bepul” iboralaridan (agar haqiqatga mos kelmasa) foydalanmaslik, shuningdek, “barcha mijozlar uchun mos” yoki “xavfsiz” ekani kabi xabarlar tarqatmaslik lozim. Reklama maʼlumotlarida kechiktirilgan toʻlovlar yoki boshqa yigʻimlar qoʻllanilishi mumkinligi aniq koʻrsatilishi kerak.

    Murojaatlarni koʻrib chiqishga qoʻyiladigan talablar

    Kodeks loyihasida nasiya savdo tashkilotlari murojaatlarni koʻrib chiqish tartibiga ega boʻlishi talabi qoʻyilgan. Bunda tashkilot oʻz maʼlumotlarni rasmiy veb-sayti va mobil ilovasida barcha uchun ochiq shaklda joylashtirishi kerak.

    Nasiya savdo tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilar bilan telefon aloqasi orqali bogʻlanishni taʼminlovchi Call-markazlari tashkil etiladi. Murojaatlarni koʻrib chiqishga qoʻyiladigan talablar nasiya savdo tashkilotlari murojaatlarni ogʻzaki, yozma yoxud elektron shakldagi qabul qilinishi uchun sharoitlar yaratishi zarur.

    Mijozlarning qarz yuki darajasi oshib ketishini oldini olish choralari

    Kodeksga asosan, nasiya savdo xizmatlari faqat 18 yosh va undan katta boʻlgan mijozlarga taqdim etiladi. Agar mijoz nasiya savdo limitini 2 million soʻmdan oshirish istagani bildirsa, mijozning toʻlov qobiliyatini baholash maqsadida qarz yuki koʻrsatkichi hisoblanadi.

    Yangi mijoz roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng unga 2 million soʻm miqdoridagi dastlabki nasiya savdo limiti taqdim etiladi. Mijozlarning qarz yuki koʻrsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak. Yaʼni har oy toʻlaydigan qarzi oylik daromadining yarmidan kam boʻlishi zarur.

    Mijozning ilgari olgan qarzlari boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlgan taqdirda unga yangi nasiya savdo xizmati koʻrsatilmaydi. Mijoz istalgan vaqtda oʻz qarzdorliklarini muddatidan oldin toʻliq soʻndirish huquqiga ega va bu holatda hech qanday neustoyka (jarima, penya) undirilmaydi.

    Mijoz toʻlovlar va boshqa jarimalarni oʻz vaqtida toʻlamasa, ular boʻyicha qoʻshimcha jarimalar (compound) hisoblanmaydi. Asosiy qarzdan tashqari barcha toʻlovlar (foizlar, vositachilik haqlari, neustoyka va boshqa choralar) yigʻindisi yiliga qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etishi mumkin emas.

    Moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelganda koʻrsatiladigan yordam

    Kodeks loyihasida mijoz moliyaviy qiyinchilikka duch kelsa, u bilan yangi va oʻzaro maqbul toʻlov tartibi kelishilishi mumkinligi belgilanmoqda. Yordam koʻrsatish masalasi koʻrib chiqilayotgan vaqtda yangi operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat etilmasligi keltirilgan.

    Muddati oʻtgan toʻlovlarni undirish boʻyicha qoidalar

    Mijozlar tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, nasiya savdo tashkilotlari mijozlarga ogohlantirish yuboradi.

    Agar mijoz majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmasa, nasiya savdo limitidan foydalanish vaqtincha toʻxtatiladi.

    Nasiya savdo tashkilotlari tomonidan muddati oʻtgan qarzdorliklar bilan ishlash mexanizmlari ( Soft-Collection, Hard-Collection, Legal-Collection ) ishlab chiqiladi.

    Nasiya savdo tashkilotlari muddati oʻtgan qarzlarni undirishda tahdid qilish, haqorat qilish, taʼqib qilish va boshqa noqonuniy bosim usullaridan foydalanmaydi.

    Shu bilan birga, bozor ishtrokchilari kredit byurolari bilan kredit axboroti almashinuvini yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Bunda qarz qoldigʻi, toʻlovlar, qarzdorlik holati va boshqa maʼlumotlar taqdim etilishi kerak.

    Markaziy bank kodeks yanada takomillashtirilishi uchun jamoatchilikdan taklif va mulohazalar kutishi, murojaatlar abdujalilovz@cbu.uz pochta manzili orqali qabul qilinishini bildirgan.