O‘zbekistonda o‘tkaziladigan «Uzum sayli» festivaliga Fransiyada katta qiziqish bildirildi

    Agrosektor 12 Yanvar 2022 1979

    Amaliy safar bilan Fransiyada bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimligi delegatsiyasi a’zolari Uzumchilik va vinochilik xalqaro tashkiloti (UVXT) bosh direktori Pao Roka bilan uchrashdi.

    Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil sentyabr oyida Toshkent viloyatining Parkent tumanida «Uzum sayli» festivalini o‘tkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

    Pao Roka ushbu tashabbusni yuqori baholar ekan, UVXT mazkur muhim tadbirning yuqori saviyada tashkil etilishida ishtirok etishga tayyor ekanini aytdi. Shuningdek, u tashkilotga a’zo bo‘lgan 48 mamlakat orasida O‘zbekiston faol ekanini alohida ta’kidladi. UVXT rahbari tashkilot qo‘mitasi bilan kelishga holda uning homiyligida O‘zbekistonda tadbir o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning uzumchilik va vinochilik sohasidagi salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir doirasida UVXT ko‘magida alohida ilmiy seminar tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar viloyat hokimining uzumchilik sohasidagi maslahatchisi lavozimiga birgalikda yuqori malakali mutaxassis tanlash bo‘yicha hamkorlik qiladigan bo‘ldi.

    O‘zbekiston delegatsiyasi Parij agrologiya markazi faoliyati bilan tanishdi. «Rungis-Semmaris» bozori rahbariyati bilan «Uzum sayli» festivalini tashkil etishda qatnashish, shuningdek, Toshkent viloyatida agrologiya markazini yaratish loyihasining borishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

    2020-yil 9-dekabrda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi va «Rungis-Semmaris» kompaniyasi o‘rtasida «Rungis» agrologik markazlari tarmog‘ini yaratish va boshqarishni nazarda tutuvchi hadli bitim imzolangan edi.

    Mazkur loyiha doirasida Toshkent, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm va Jizzax viloyatlarida agrologik majmualar yaratish ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi «Dunyo» AA.