Bu haqda bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida vazirlik huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyatidagi tizimli muammolar va ularning yechimlariga bagʻishlangan yigʻilishida maʼlum qilindi.
Yigʻilishda 2023/2024-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarini tashkil qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Agentlik faoliyatiga doir oʻz yechimini kutayotgan masalalar, xususan, joylarda test sinovlarini yil davomida oʻtkazish uchun katta sigʻimli binolarni qurishdagi ayrim kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari boʻyicha takliflar berildi. Mutasaddilarga optik skaner va ularga ehtiyot qismlar xarid qilishni tezlashtirish topshirildi.
2023/2024-oʻquv yili uchun test sinovlari oʻtkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlandi.
Shuningdek, test sinovlari oʻtkaziladigan 15 ta umumtaʼlim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman) tillardan 2 400 ta test topshirigʻi shakllantirildi va ekspertizadan oʻtkazildi. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtgan 8 956 nafar talabgordan 4 000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.