Oʻzbekistonda paxta yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari tashkil etiladi

    Agrosektor 22 Iyun 2020 5703

    “Paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Vazirlar Mahkamasi qarori (398-son, 22.06.2020 yil) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tugatilib, fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari tashkil etiladigan boʻldi. Endilikda, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga beriladigan imtiyozlar kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi.

    Shuningdek, qaror bilan Fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom ham tasdiqlandi.

    Unda koʻrsatilishicha, kooperatsiya uning muassislari va aʼzolari saʼy-harakatlari, ularning moddiy va moliyaviy resurslarini birlashtirish asosida tashkil etilib, paxta xomashyosini yetishtirish, tashish, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish bilan bogʻliq tarmoqlarni yagona tizimga birlashtiradi.

    • Kooperatsiyani taʼsis etishda uning muassislari oʻzlarining mustaqilligini saqlab qoladi.
    • Kooperatsiyaga aʼzo boʻlish va undan chiqish ixtiyoriy boʻlib, aʼzolar mehnatiga ishlab chiqargan mahsuloti hajmi va sifatiga qarab haq toʻlanadi.
    • Kooperatsiya ustavida nazarda tutilgan tartibda uning faoliyati kooperatsiya aʼzolari tomonidan nazorat qilinadi.
    • Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari kooperatsiyaning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
    • Kooperatsiya tegishli faoliyatni amalga oshirishda ruxsatnoma va litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari bilan shugʻullanish uchun qonun hujjatlariga muvofiq, tegishli ruxsatnoma va litsenziya olishi shart.