Oʻzbekistonda paxtachilik sohasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan islohotlar AQSH OAV diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 5 Yanvar 2023 2979

    Amerikaning “Sourcing Journal” (Nyu-York) toʻqimachilik sanoatining axborot portalida “Better Cotton” Oʻzbekistonda oʻz ishtirokini kengaytirmoqda» sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    Unda Oʻzbekistonda bolalar mehnatiga barham berish jabhasida erishilgan muvaffaqiyatlar atroflicha qalamga olingan. Qayd etilganidek, oʻtgan yil mart oyida Xalqaro mehnat tashkiloti oʻzbek paxtasini majburiy va bolalar mehnatidan “ozod” deb eʼlon qilgan edi. Oʻsha oyda “Cotton Campaign” global koalitsiyasi oʻz boykotini bekor qildi.

    Nashr inson huquqlari tashkilotlari hisobotiga tayanib, 11 yillik uzluksiz monitoring davomida birinchi marta mustaqil kuzatuvchilar oxirgi paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanishning birorta ham dalilini topishmagani taʼkidlangan.

    Bundan tashqari, sentyabr oyida AQSH Mehnat departamenti Oʻzbekistondagi “sezilarli taraqqiyot”ni eʼtirof etib, oʻzbek paxtasini bolalar mehnati yoki majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yillik roʻyxatidan chiqarganini maʼlum qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Endi «Better Cotton” ushbu muvaffaqiyatni mustahkamlash niyatida. Oʻzbek paxtakorlarini xalqaro bozorlar bilan bogʻlovchi tijorat imtiyozlari yangi xususiylashtirilgan sektorni xalqaro maqsadlariga erishish bilan birga oʻz yoʻnalishini saqlab qolishga undashi mumkin», deya taʼkidlanadi mazkur maqolada.

    2017-yildan boshlab “Better Cotton” Oʻzbekistonda “yaxshi paxta tamoyillari va mezonlari”ni joriy etish boʻyicha tajriba dasturini amalga oshirdi. “Tashabbus tajriba loyihalari uchun mustahkam poydevor yaratdi. Ushbu loyiha doirasida tanlab olingan 12 ta yirik fermer xoʻjaligi allaqachon «sezilarli” tayyorgarlikdan oʻtgan», deb yozadi “Better Cotton” axborot portali.