Oʻzbekistonda Pekin universiteti filiali ochilishi mumkin

    Shuningdek, Oʻzbekiston-Xitoy muhandislik maktabi ochilishi maʼlum qilindi.

    21-yanvar kuni Xitoy safarida boʻlib turgan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov Pekin Universiteti Kengashi raisi Xao Ping bilan uchrashdi.

    Xitoyning eng qadimgi universitetlaridan biri boʻlgan, dunyoning yetakchi 20 ta oliy taʼlim muassasalari qatoridan joy olgan Pekin universiteti bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlash va kengaytirish ikki tomon muzokaralarining bosh mavzusi boʻldi. K. Karimov mamlakatda soʻnggi olti yilda olib borilayotgan islohotlar natijasida xorijiy OTMlarning Oʻzbekistondagi filiallari soni 30 dan oshgani va bu amaliyot oʻz ijobiy natijalarini berib, sifatli kadrlar yetishtirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Shu oʻrinda Pekin universitetining filialini respublikada ochish taklifini ilgari surdi.

    Xao Ping, oʻz navbatida, Pekin universitetining xorijiy davlatlarda hozirgacha birorta filiali mavjud emasligini taʼkidlagan holda, bu amaliyotni Oʻzbekistonda joriy etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi. Oʻz navbatida u oʻzbek matematika maktabining dunyo ilmiy jamoatchiligi orasida katta nufuzga ega ekanini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston-Xitoy Xalqaro Markaziy Osiyo matematika markazini tashkil etish taklifini berdi. Shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi kadrlar yetishmovchiligini inobatga olib, Oʻzbekiston-Xitoy muhandislik maktabini ochish ham ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishiga xizmat qilishini qayd etdi.

    Komiljon Karimov mezbon tarafning takliflarini maʼqullagan holda Pekin universiteti qoshida Oʻzbek tili markazini tashkil etish boʻyicha oʻz fikrlarini bayon etdi. Mazkur markazga oʻzbek filolog-olimlari, pedagog-mutaxassislarni taklif etish, markazga uslubiy yordam berishga tayyorligini bildirdi.

    Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish masalasida hamfikr ekanliklarini mamnuniyat bilan qayd etib, oʻzaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishdilar.