Yaʼni pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshirilib, yuqori chegarasi 3 888 000 soʻm etib belgilandi.

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boshqarma boshligʻi Farrux Pardayev maʼlum qildi.

2022-yil dekabri oyida oʻrtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan, yaʼni 3 240 000 soʻmdan yuqori boʻlgan 371 ming nafar pensiya oluvchilarning pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi va pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022-yilning dekabr oyida SMS xabar joʻnatildi.

Misol uchun 3 900 000 soʻm oʻrtacha oylik ish haqiga ega boʻlgan fuqaroning pensiya miqdori 2023-yil 1-yanvarga qadar 3 240 000 soʻmdan hisob kitob qilingan boʻlsa, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa ushbu fuqaroning pensiya miqdori 3 888 000 soʻm qayta hisob kitob qilinadi.

Ushbu tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan va pensiya tizimiga yuqori hissa qoʻshgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib koʻproq haq olishiga qiziqishini oshirish, yashirin iqtisodiyotdan chiqishga, mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilishda va rivojlantirishda faol ishtirok etishini taʼminlashga xizmat qiladi.