O'zbekistonda qaysi soha vakillari eng yuqori maosh oladi?

    Davlat statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonda 2021-yilning yanvar-iyun oylarida o'rtacha oylik ish haqi 2 million 971 ming so'mni tashkil qilgan.

    Yuqoridagi manbaga asoslanib review.uz sayti e'lon qilgan xabarda yozilishicha, ayni dam mamlakatimizda eng katta oylik maosh moliya va sug'urta sohasi, eng kam oylik esa sog'liqni saqlash tizimida berilmoqda.

    O'rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qo'shimcha to'lovlar, mukofot pullari, rag'batlantiruvchi to'lovlar, kompensatsiya va ishlamagan vaqti uchun to'lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi.

    Qayd etilishicha, o'rtacha oylik ish haqining eng yuqori darajasi moliyaviy va sug'urta iqtisodiy faoliyatida — 7 million 111 ming so'm yoki respublika ko'rsatkichidan (2 million 971 ming so'm) 2,4 barobar yuqori ekanligi aniqlandi.

    Aksincha, eng kam maosh sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish faoliyatida — 2 million 49 ming so'm yoki respublika o'rtacha oylik ish haqining (2 million 971 ming so'm) 69 foiziga tengligi ma'lum qilindi.

    Shuningdek, qo'mita yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchi, qishloq xo'jaligi va kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari xodimlarning o'rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqlari har bir iqtisodiy faoliyat turlarida turlicha farqlanishini ta'kidlagan.