Oʻzbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish va boshqarish loyihalarini amalga oshirish doirasida Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi tomonidan xalqaro moliya institutlarining qariyb 396 million dollar miqdorida mablagʻlari jalb etiladi.
Respublikamizning Surxondaryo (Sherobod), Samarqand (Kattaqoʻrgʻon) va Jizzax (Gʻallaorol) viloyatlarida 3 ta yirik quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va boshqarish uchun “Masdar” kompaniyasi YETTB bilan 127 million dollar, OTB bilan 102 million dollar va ularning hamkor banklari bilan 167 million dollar miqdorida shartnomalar imzoladi.
Ushbu quyush fotoelektr stansiyalar umumiy 897 MVt quvvatiga ega boʻladi va yiliga 2 milliard kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish orqali mintaqadagi eng yirik quyosh energiyasi loyihasiga aylanadi.
Samarqand (Kattaqoʻrgʻon) va Jizzax (Gʻallaorol) viloyatlaridagi loyihalarning dastlabki quvvatlari joriy yil dekabr oyida ishga tushirilishi belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun oʻtkazilgan tender natijalariga koʻra Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi eng yaxshi takliflari bilan gʻolib deb topilgan.
Maʼlumot uchun, loyihalarni ishga tushirish natijasida yiliga 620 million metr kub tabiiy gaz tejaladi hamda 600 mingdan ortiq xonadon “yashil” energiya bilan taʼminlanadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.