Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish

    Raqamlashtirish 8 May 2021 14052

    Ilmsiz, maʼrifatsiz jamiyat va mamlakat taraqqiyotini tasavvur qilish mushkul. Yusuf Xos Hojib oʻzining “Qutadgʻu bilig” asarida “Bilimsiz kishi mevasiz daraxtdir, mevasiz daraxtni och kishi nima qilsin?!” - deb ilm-maʼrifatning oʻrni naqadar dolzarb va muhimligini koʻrsatib oʻtgan.

    Mamlakatimizda ilm-maʼrifatga alohida urgʻu berilishi va bu orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalasi kun tartibiga qoʻyilishi bugungi kun zaruratidir. Zero, eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir.

    Raqamli iqtisodiyot oʻzi nima? u iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qoʻllash asnosida amalga oshirishning yaxlit bir tizimi sifatida qaraladi. Bunda raqamli iqtisoidiyot yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari yaratish va ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga koʻchirish demakdir.

    Soʻngi yillarda iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish borasida davlat tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlari imzolandi.

    Raqamli iqtisodiyotni keng joriy etish va uni qoʻllab-quvvatlash mamlakatimizning istiqboldagi taraqqiyot rejasidan muhim oʻrin egallaganligi tufayli iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar belgilandi va mazkur vazifalar ijrosi oʻlaroq, mamlakatimizda yangi elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron toʻlovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda, elektron infratuzilma va tijorat shakllantirilmoqda, iqtisodiyotning barcha jabhalarida raqamli transformatsiyaga oʻtilishi qadamma-qadam amalga oshirilmoqda.

    Raqamli transformatsiya realizatsiyasi boʻyicha soʻngi yillarda amalga oshirilgan ishlar qatorida aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yana-da rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi versiyasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish virtual qabulxonasi “business.gov.uz” portali ishga tushirildi.

    Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha eng istiqbolli va strategik muhim loyihalarni, shuningdek blokcheyn texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish sohasida chora-tadbirlarni amalga oshirishga karatilgan “Raqamli ishonch” jamgʻarmasi tashkil etildi.

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish uchun, shu jumladan bir vaqtning oʻzida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini oʻtkazish va tezkor joʻnatish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “project.gov.uz” joriy etildi.

    Raqamli iqtisodiyot texnologik va biznes jarayonlari, ishlab chiqarish, logistika va tayyor mahsulotlarning savdosini raqamlashtirish uchun mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “IT-park”lar tashkil etildi. Kripto-aktiv va blokcheyn texnologiyalar sohasidagi kompaniyalarning erkin faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Mamlakatimizda zamonaviy dasturlash texnologiyalarini oʻzlashtirgan kadrlarni tayyorlash maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi ishlab chiqilib, loyiha doirasidagi mashgʻulotlarni tashkil etish uchun uzbekcoders.uz oʻquv portali ishga tushirildi.

    2020-yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi va bu boradagi ishlar endilikda yangi bosqichga koʻtarilib, Prezident Farmoni bilan mamlakatning “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda avvalo telekommunikatsiya va elektron infratuzilmani takomillashtirish alohida ahamiyatga ega.

    Albatta, aholini internet tarmogʻidan foydalanish darajasi qanchalik yuqori boʻlsa raqamli iqtisodiyot, shu jumladan elektron hukumat tizimi ham shuncha samarali faoliyat yuritadi. Yurtimiz boʻyicha internet foydalanuvchilari soni jami aholiga nisbatan 2018-yilda 46 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 60 foizdan yuqorini tashqil etmoqda.

    Reallik bilan bogʻlaganda raqamli iqtisodiyot rivojlangan davlatlarda YAIM hajmi ham, YAIMning aholi son boshiga ulushi ham yuqoriligini koʻrishimiz mumkin. Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda mazkur masalaga eʼtibor qaratish yagona maqsadni koʻzlaydi, u ham boʻlsa, aholining yashash sharoitini yaxshilash, aholini real daromadini oshirish, qolaversa tadbirkorlikni va mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishdir.

    “Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng ogʻir illat – korrupsiya balosini yoʻqotishda ham samarali vositadir ” - Prezidentimizning mazkur soʻzlari raqamlashtirish nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkorlik va samaradorlikni taʼminlashi, balki korrupsiya va qora iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun samarali vosita sifatida qayd etilishi bilan ahamiyatlidir.

    Xulosa oʻrnida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy jihatdan kuchli, bozor iqtisodiyoti qonunlari toʻliq amal qiladigan demokratik davlat qurishga hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga keng qulaylik yaratish va uni yuritishni soddalashtirish, yangi innovatsion gʻoyalar realizatsiyasiga xizmat qiluvchi asosiy vositalardan biri ekanligi bilan alohida ahamiyatga egadir.

    B.MIRZAYEV,

    Biznes ombudsman devoni masʼul xodimi