Shu sababli ham delegatsiya aʼzolarining navbatdagi manzili ushbu filial uchun tanlangan Chilonzor tibbiyot kolleji binosi boʻldi.
Maʼlumki, mamlakatimiz Sogʻliqni saqlash vazirligi va N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va Oʻzbekistonda yuqori texnologik tibbiy yordam tizimini rivojlantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirmoqda.
Hamkorlik dasturini amalga oshirishning birinchi bosqichi doirasida Toshkent shahrida yuqorida aytib oʻtilgan Rossiya universitetining ordinaturada (keyinchalik aspiranturada) yuqori malakali kadrlar tayyorlash va tibbiyot xodimlariga qoʻshimcha kasbiy taʼlim berish boʻyicha filialini ochish rejalashtirilgan.
Yuqori malakali tibbiy taʼlimni tashkil etishning asosiy sharti — bu zamonaviy yuqori texnologik klinik bazalarda oʻqitish, buning uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) va akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIXIATM) tanlangan.
Delegatsiya aʼzolari klinik bazalar sifatida tanlangan ushbu tibbiyot muassasalariga ham tashrif buyurishdi.
Eslatib oʻtamiz, universitet filialini joylashtirish uchun taʼlim faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan binolar majmuasiga ega boʻlgan va belgilangan klinik bazalar yaqinida joylashgan Chilonzor tibbiyot kolleji tanlangan.
Filial binolari va inshootlarini rekonstruksiya qilish (qurish) hamda oʻquv va simulyatsiya uskunalari bilan jihozlash bilan bir qatorda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini ham yuqori malakali shifokorlarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan zamonaviy tibbiyot yuqori texnologik uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida RSHTYOIM, akademik V. Vohidov nomidagi RIXIATM Rossiya universitetining filiali bilan birgalikda Oʻzbekistonning yetakchi konsultativ, tibbiy (keyinchalik ilmiy) va oʻquv markazlariga aylanadi.
Talabalarni ordinatura (keyinchalik aspirantura)ga oʻqishga qabul qilish mamlakatimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari oʻrtasida tanlov eʼlon qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Universitet filialining professor-oʻqituvchilar tarkibi Rossiya universiteti xodimlari, mamlakatimiz mutaxassislari va kelajakda filialning eng yaxshi bitiruvchilaridan shakllantiriladi.
Toshkent shahrida N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filiali ochilgandan ikki yil oʻtib, Oʻzbekiston ordinatorlarning birinchi bitiruvchilariga ega boʻladi.
Natijada, butun mamlakat boʻylab aholiga tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligi va tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash sifatining ham oshishi hamda zamonaviy davolash usullarini tizimga tezroq joriy etilishiga erishiladi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.