O'zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste'moli rekordi yangilandi

    Аномал иссиқ фонида Ўзбекистонда электр энергияси истеъмоли 2022 йилнинг ёз ҳамда 2023 йилнинг июнь ойидаги рекорд кўрсаткичларни янгилади. Бу ҳақда Энергетика вазирлиги ахборот хизмати маълум қилди.

    Xususan, 2023-yil 26-iyulda Respublika boʻyicha elektr energiyasi isteʼmoli 250,7 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. 2022-yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlatilgan boʻlib, kechagi koʻrsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq boʻldi.

    Shu bilan birga, 26-iyul kuni elektr energiyasi isteʼmolining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz) koʻpdir. Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu 2022-yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt⋅soat (9,6 foiz) koʻpdir.

    Vazirlik taʼkidlashicha, yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bogʻliq boʻlib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab boʻlishi hech gap emas.

    Isteʼmolchilardan qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga toʻgʻri keladigan zaruriy choralar bugun oʻta muhim ekanligini toʻgʻri tushunishlarini va qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz, deyiladi xabarda.