Oʻzbekistonda tabiat himoyachilari va eng toza mahallalar taqdirlanadi

    Chiqindi va tozalash ishlari sohalari xodimlarini ragʻbatlantirish, mahallalarni toza, chiqindilardan holi hududga aylantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Tabiat uygʻunligi himoyachisi“ va “Eng toza mahalla“ tanlovlari oʻtkaziladi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi Tabiat uygʻunligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarorga koʻra, “Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi kamida 10-yil sadoqatli mehnat qilgan xodimlar qatnashishi mumkin.

    Tanlov 1-sentyabrda boshlanib, gʻoliblar 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida aniqlanadi va munosib taqdirlanadi. Gʻoliblarning davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga bir yillik kontrakt toʻlovi (bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdoridan oshmagan qismi) toʻlab beriladi.

    “Eng toza mahalla” tanlovi esa har yili noyabr – yanvar oylarida tuman (shahar) saralash bosqichi, hududiy saralash bosqichi va respublika bosqichi shaklida oʻtkaziladi. Mazkur tanlov gʻoliblari 21-mart — Navroʻz bayrami arafasida munosib taqdirlanadi. Tanlov natijalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan gʻolib boʻlgan mahallalarning tegishli jamgʻarmasiga chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlari oʻrnatish hamda daraxt ekish uchun 500 million soʻmdan pul mukofoti oʻtkazib beriladi hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi.

    Bundan tashqari, sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bajaradigan hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shugʻullanuvchi ishchilariga, ekofaollarga hamda jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga har oy 100 tadan velosiped va boshqa mukofotlar beriladi.