Oʻzbekistonda taʼlim sifati past boʻlgan maktablar roʻyxati tasdiqlandi

    Roʻyxatga 470 ta maktab kiritildi. Bunday maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan oʻqituvchilarga ustamalar toʻlanadi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tegishli buyrugʻi bilan Oʻzbekistonda taʼlim sifati past boʻlgan maktablar roʻyxati tasdiqlandi.

    2025/26-oʻquv yili uchun taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatiga 470 ta maktab kiritildi. Bunday maktablarning eng koʻpi — 99 tasi Qashqadaryo viloyatida joylashgan.

    Qolgan hududlarda taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar soni quyidagicha:

    • Samarqand viloyatida — 86 ta;
    • Surxondaryo viloyatida — 70 ta;
    • Jizzax viloyatida — 36 ta;
    • Namangan viloyatida — 34 ta;
    • Sirdaryo viloyatida — 32 ta;
    • Fargʻona viloyatida — 29 ta;
    • Qoraqalpogʻistonda — 24 ta;
    • Andijon viloyatida — 23 ta;
    • Navoiy viloyatida — 16 ta;
    • Xorazm viloyatida — 9 ta;
    • Buxoro viloyatida — 5 ta.

    “Xalq taʼlimi info” portali maʼlumotlarida keltirilishicha, 2023-yilda shunday maktablar roʻyxatda 642 ta, 2024-yilda 545 ta edi. Bu yil taʼlim sifati past boʻlgan maktablar soni 75 taga qisqargan.

    Taʼlim sifati past boʻlgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan oʻqituvchilarga ustama toʻlanadi

    Vazirlar Mahkamasining 2021-yildagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, oliy maʼlumotga va birinchi yoki oliy malaka toifali, kamida 1-yil pedagogik ish stajiga ega oʻqituvchilar taʼlim sifati past boʻlgan maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan taqdirda ularga 50 foizdan 100 foizgacha ustama toʻlanadi.