Oʻzbekistonda USAIDning ikki tomonlama vakolatxonasi ish boshladi

    Xalqaro hamkorlik 2 Oktabr 2020 1485

    AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning Oʻzbekistondagi ikki tomonlama vakolatxonasi ishga tushdi.

    Oʻzbekistonda toʻlaqonli missiya tashkil etilishi USAIDga Oʻzbekiston hukumatining keng koʻlamli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash bilan birga xususiy biznes, nodavlat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuchaytirishiga hissa qoʻshadi.

    USAID mamlakatda iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, migratsiya va odam savdosi bilan bogʻliq masalalari boʻyicha faoliyatini davom ettiradi.

    Yangi missiya ushbu dasturlarni samarali yoʻnaltirib, mahalliy hamkorlar koʻlamini yana-da kengaytirish imkonini beradi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    - USAID jamoasi Oʻzbekiston xalqi va hukumati bilan bir qator yoʻnalishlarda yaqindan hamkorlik qilishni maqsad qilgan, - deydi AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi D.Rozenblyum. - Mintaqaviy savdoni koʻpaytirish, sud-huquq islohotlarini ilgari surish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, muammolarni hal qilish qobiliyati, til va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarni tayyorlay oladigan taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlash, inson salomatligiga boʻlgan jiddiy tahdidlar, xususan, COVID-19ga qarshi kurash kabilar shular jumlasidandir.