Oʻzbekistonda vodorod energetikasi rivojlantiriladi

    Energetika 9 Aprel 2021 1441

    2021-yil 9-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5063-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Hujjatda taʼkidlanishicha, bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda energiya resurslariga boʻlgan talabning tarkibiy jihatdan oʻzgarishiga, jumladan, uglevodorod resurslarining oʻrnini boshqa manbalar hisobiga qoplashda ekologik toza hisoblangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan bir qatorda “yashil” vodorod energetikasini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi ham ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirishni nazarda tutgan holda, 2018-yilda Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qildi va uni amalga oshirish yuzasidan milliy miqyosda belgilanadigan hissa boʻyicha – 2030-yilga qadar issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish miqdoriy majburiyatini qabul qildi.

    Respublikaning energetika xavfsizligini mustahkamlash maqsadida iqtisodiyotning energiya samaradorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va vodorod energetikasi infratuzilmasini barpo etish talabi yuzaga kelmoqda.

    Shu munosabat bilan, mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini hamda ushbu Institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazini hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish koʻzda tutilgan.

    Shu bilan bir qatorda, Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasidan foydalanish sohalarini rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan.

    Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yil yakuniga qadar vodorod energetikasini rivojlantirish boʻyicha yaqin va uzoq muddatga moʻljallangan milliy strategiya ishlab chiqilishi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan mamlakatda ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan yosh olim va mutaxassislarni rivojlangan xorijiy davlatlarga malaka oshirish ishlarini tashkillashtirishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.