Oʻzbekistonda Wildberries savdo-logistika majmuasi quriladi

    Biznes 9 Noyabr 2022 3779

    Loyihaning umumiy qiymati 130 million dollarni tashkil etadi. Loyiha ishga tushishi bilan 5 000 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Joriy yil 8-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev eng yirik xalqaro marketpleyslardan biri hisoblangan Wildberries kompaniyasi asoschilari Vladislav va Tatyana Bakalchuklarni qabul qildi.

    Uchrashuvda Rossiya kompaniyasi rahbariyati hamda Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.

    Uchrashuv davomida Rossiya Federatsiyasi bilan oʻzaro savdodagi tovar guruhlari tarkibida sifat jihatidan katta oʻzgarish roʻy bergani va bugungi kunda ularning 70% yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tovarlar ekanligi qayd etildi. Oʻzbekiston elektron tijorat bozorida talabning oʻsishi haqida soʻz bordi, uning hajmi yil oxiriga qadar 1 milliard dollarni tashkil etishi kutiladi. Buning sabablari Internetning keng qamrovligi va yosh faol foydalanuvchilarning koʻpligi bilan bogʻliq.

    Tayyor oʻzbek mahsulotlarini marketpleys orqali sotish uchun kompaniyaning logistika kompleksini Oʻzbekistonda tashkil etish istiqbollari muhokama etildi. Toshkent shahrida barcha tegishli xizmatlarni koʻrsatuvchi Wildberries logistika majmuasini, shuningdek, tovarlarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish uchun bojxona va sertifikatlashtirish organlarining “yagona oyna” xizmatlariga ega saralash markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Loyihaning umumiy qiymati 130 million dollarni tashkil etadi. Loyiha ishga tushishi bilan 5 000 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Shu nuqtayi nazardan, marketpleys orqali sotishga chiqarish uchun birinchi bosqichda oʻzbek ishlab chiqaruvchilari tomonidan 900 million dollardan ortiq toʻqimachilik mahsulotlari, 121,5 million dollarlik charm mahsulotlari, 172,2 million dollarlik maishiy elektrotexnika buyumlari hamda 382,5 million dollarlik qurilish materiallari yetkazib berishga tayyorlik bildirildi.

    Loyihani amalga oshirish doirasida kompaniya oʻzbekistonlik tadbirkorlarni sotuvchilar sifatida roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini yaratadi, elektron platformada ishlash va oʻz tovarlari sotish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida oʻzbek va rus tillarida oʻzbek ishlab chiqaruvchilari uchun onlayn seminarlar oʻtkazadi, shuningdek, yangi oʻzbek brendlarini yaratish fabrikasini ishga tushiradi. Unda marketing tadqiqotlari, bozor tahlillari oʻtkaziladi va tegishli brendlar ishlab chiqiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Wildberries kompaniyasi 2004-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda universal formatdagi eng yirik onlayn gipermarketdir. Marketpleys orqali kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar va uy-roʻzgʻor buyumlarining jahonda eng mashhur brendlari mahsulotlari sotiladi.