Oʻzbekistonda xalqaro darajadagi energetik kadrlar tayyorlanadi

    Ta'lim 17 Sentabr 2024 1027

    MISIS Fan va texnologiyalar universitetining Olmaliq filiali negizida Ilgʻor muhandislik maktabi (IMM) tashkil etiladi. Boʻlajak talabalarni IMMga qabul qilish ham 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda va uning muvaffaqiyatli kelajagi koʻp jihatdan yuqori malakali mutaxassislarning mavjudligiga bogʻliq. Mamlakatimizda texnologik taraqqiyot va sanoat ishlab chiqarishining jadal surʼatlar bilan oʻsayotgan sharoitda muhandis kadrlarni tayyorlash masalasi yanada dolzarb boʻlib bormoqda.

    Rossiyaning “MISIS” Fan va texnologiya universiteti 30-yildan ortiq vaqt mobaynida iqtisodiyot sanoat sektorining asosiy tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlab kelmoqda. 2018-yilda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida ushbu oliygohning filiali ochilganidan keyin hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2018-yilda filialga uchta taʼlim yoʻnalishi: “Konchilik”, “Metallurgiya” va “Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish” yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabul qilindi.

    Oʻtgan 2023-yilda filialning “biznes hamkorlari” talabiga binoan Rostaʼlimnazoratidan “Axborot texnologiyalari” va “Iqtisodiyot” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha litsenziyalar olindi.

    Rostaʼlimnazorati qaroriga koʻra, “MISIS” Fan va texnologiya universitetining Olmaliq filiali “Elektr energetikasi va elektrotexnika” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha litsenziya oldi.

    Rostaʼlimnazoratidan litsenziyalarni olish jarayoni talabalar shaharchasidagi sharoitlardan tortib, professor-oʻqituvchilarning tayyorgarlik darajasini belgilashgacha boʻlgan jarayon bir yildan ortiq mashaqqatli mehnatni talab etdi. Har bir jihat maxsus komissiya tomonidan oʻrganildi. Filial 2023-yil fevral oyida hujjatlarni topshirgan boʻlsa, 2024-yil avgust oyiga kelibgina litsenziya berildi.

    Endi Filial kelajakda xalqaro darajadagi energetika xodimlarini tayyorlaydi! Abituriyentlarni qabul qilish keyingi 2025/2026 oʻquv yiliga rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga, ikki davlat prezidentlarining qarori bilan MISIS Fan va texnologiyalar universitetining Olmaliq filiali negizida Ilgʻor muhandislik maktabi (IMM) tashkil etiladi. IMMda oʻquv jarayoni taʼlim yoʻnalishi boʻyicha magistratura dasturlari asosida amalga oshiriladi.

    Boʻlajak talabalarni IMMga qabul qilish ham 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiriladi.