Oʻzbekiston va Gonkong oʻrtasida muntazam yoʻlovchi va yuk tashish aviareyslarini yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda transport vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning 12-avgust kuni Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning maxsus maʼmuriy hududi Gonkongda joylashgan JDB Group Limited kompaniyasi raisining oʻrinbosari Chan Man Xin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar Gonkong va Oʻzbekiston oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekistonda xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish yuzasidan fikr almashdi.
Tomonlar logistika, turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan muntazam yoʻlovchi va yuk tashish aviareyslarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini batafsil koʻrib chiqdi. Ushbu jarayonda ustuvor hamkor-operator sifatida Hong Kong Airlines aviakompaniyasi taklif etildi.
Uchrashuvda muhokama etilgan yana bir muhim masala Oʻzbekiston hududida xalqaro aviatsiya akademiyasini tashkil etish tashabbusi boʻldi. Akademiya xalqaro standartlar (shu jumladan, FAA va IOSA) asosida uchuvchilar, texniklar, styuardessalar, yer usti xodimlari va aviatsiya menejerlarini tayyorlaydi.







