Taʼkidlanishicha, 8-avgustdan 15-sentyabrga qadar Oʻzbekistonda ayollarning reproduktiv xulq-atvori va unga taʼsir koʻrsatuvchi omillar yuzasidan tadqiqot oʻtkazilgan.
Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda ayollar birinchi farzandini asosan 20-24 yosh oraligʻida dunyoga keltirishni maʼqul koʻrishadi. 27,1 foizi bu haqda oʻylab koʻrmaganliklarini, 13,2 foizi esa buni taqdir bilan bogʻlashlarini bildirishgan.
Tahlillar soʻnggi farzandni dunyoga keltirishning eng maqbul yosh oraligʻi 30-35 yosh ekanligini koʻrsatgan. Deyarli 10 foiz xotin-qizlar soʻnggi farzandni 36-40 yosh oraligʻida koʻrishni istaydi. 30 foizi bu toʻgʻrisida hali oʻylab koʻrmaganliklari, 19 foizi bu holat ularning istaklariga bogʻliq emasligini qayd etgan.
Ayollardan koʻp farzandli boʻlishning asosiy sababi soʻralganida, ularning ota-onalarga keksalikda tayanch boʻlishi asosiy omil sifatida aksariyat ayollar tomonidan aytib oʻtilgan. Ayrim hollarda oilada oʻgʻil farzand koʻrish istagi farzandlar sonining koʻp boʻlishiga sabab boʻluvchi asosiy omil hisoblanadi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, har oʻninchi (10,6 %) respondent “diniy eʼtiqod”ni koʻp farzandli boʻlishning asosiy omili sifatida koʻrsatgan.
Ayollarning oʻz reproduktiv xulq-atvorini oʻzi belgilashi, oilada nechta farzand koʻrishni rejalashtirishi ularning maʼlumot darajasiga ham bogʻliq. Tadqiqot farzandlar soni oʻzining qaroriga bogʻliq emasligi holati oʻrta maʼlumotli ayollarda yuqori, oliy maʼlumotlilarda esa bir muncha past (26,5 foiz) ekanligini koʻrsatgan.
Olingan natijalarga koʻra, har yettinchi xotin-qizlar (15,3 %) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli degan fikrni bildirdi. Bunday javob koʻproq oliy maʼlumotli ayollarda qayd etildi.