Qaror bilan quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:
- Universitetda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlarini joriy etish;
- respublika iqtisodiyoti real sektorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yuqori malakali oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash;
- xorijning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
- oʻquv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
- taʼlim jarayoniga yetakchi oliy taʼlim muassasalarining malakali professor-oʻqituvchilari, olimlari va mutaxassislarini keng jalb qilish;
- taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
- respublika iqtisodiyoti tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilishni ragʻbatlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish;
- taʼlim va ilm-fanning uzluksizligi, izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga uygʻun integratsiyalashuvi asosida mutaxassis va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
- taʼlim va ilmiy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.
Qarorda Universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun potensial investorga Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “Gʻalabaning 40 yilligi” 2-mavzesida joylashgan faoliyat koʻrsatmayotgan (qurilishi tugallanmagan) Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bino va inshootlari investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berilishi koʻrsatilgan.
Universitetda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari oliy oʻquv yurti tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.