Bu haqda Ekologiya vazirligi maʼlum qildi. Qayd etilishicha, tadbirda mamlakatimiz kelajagiga befarq boʻlmagan barcha — oʻquvchilar, talabalar, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari hamda 18 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Ekochempionat “Eng koʻp daraxt koʻchatlarini ekkan tabiat himoyachisi” nominatsiyasi boʻyicha oʻtkaziladi. Tadbir joylarining manzili har mavsum oldidan vazirlikning hududiy boshqarmalari telegram kanallarida eʼlon qilinadi.
Har bir hududda maxsus komissiyalar tashkil etilib, ular bahor mavsumida 1-martga qadar, kuz mavsumida esa 1-noyabrga qadar chempionat oʻtkaziladigan maydonlarni belgilaydi. Shuningdek, ekildigan daraxt turlari, soni va ekish tartibi boʻyicha aniq koʻrsatmalar beriladi.
Daraxt ekish tadbirlari soat 08:00 dan 12:00 gacha oʻtkaziladi, gʻoliblarni aniqlash esa soat 15:00 gacha amalga oshiriladi. Ekochempionat sanasi ob-havo sharoitiga qarab oʻzgartirilishi mumkin.
Gʻoliblar chempionat yakunlangan kunda eʼlon qilinib, ular 3 million soʻm pul mukofoti, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadilar.
Bu ekochempionat “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda “2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi” doirasida tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus nafaqat daraxt ekish tadbirlarini ommalashtirish, balki aholida tabiatga masʼuliyatli munosabatni kuchaytirishga xizmat qiladi.








