Oʻzbekistonda yangi “Gibrid pochta” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

    Mamlakatimizda 20 Iyul 2020 7858

    Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari belgilanmoqda. Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokamaga eʼlon qilindi.

    Hujjat loyihasiga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab mamlakat hududida pochta aloqasi xizmatlarini litsenziyalash tartibi joriy etilishi koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, qaror bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy operatorga quyidagilarni amalga oshirish vazifasi yulatilmoqda:

    • 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi obyektlari tarmogʻi orqali yoʻllanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaquruv qogʻozlari va boshqa yuridik hujjatlarni yetkazib berish hamda yetkazilganligini tasdiqlash, maʼlumotlarni saqlash va hisobga olishnining yagona milliy tizimini joriy etish;
    • 2020-yil 1-dekabrdan boshlab respublikadagi barcha pochta obyektlarida zamonaviy xizmatlar, jumladan “Gibrid pochta” va kuryerlik xizmatlarini rivojlantirish, bank, sugʻurta va boshqa xizmatlarni taqdim etishni yoʻlga qoʻyish;
    • 2021-yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini “onlayn” sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek ularga tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi “Milliy onlayn savdo maydonchasi”ni yaratish;
    • 2022-yil yakuniga qadar mijozlar nomiga kelgan pochta joʻnatmalarini olish uchun moʻljallangan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) joriy qilish;
    • 2023-yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron tijorat orqali savdo qilishga sharoit yaratish maqsadida hududlarda “Fulfilment markazlari”ni ochish.

    Qayd etilishicha, “Oʻzbekiston pochtasi” AJning qoʻshimcha aksiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga davlat ulushini 51 foizgacha kamaytirish choralari koʻriladi.