Oʻzbekistonda ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish, xorijlik va mahalliy sayyohlarga, koʻrsatilayotgan servis xizmatlari sifatini yanada yaxshilash va sohada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatining tuman va shaharlarini bogʻlovchi “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” hamda Xorazm va Qoraqalpogʻiston boʻylab “Qalʼalar halqasi” turistik yoʻnalishlarni ishlab chiqildi.
“Oltin vodiy sayyohlik halqasi” turistik yoʻnalishi jami Fargʻonada 22 ta, Andijonda 18 ta va Namanganda 17 ta tashrif obyektlarini oʻz ichiga olgan.
Vodiyga tashrif buyurgan turistlarni aniq marshrut asosida kutib olinadi. Sayyohlarga qiziqarli manzillar taqdim etiladi. Mehmonlar “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” turistik yoʻnalishida joylashgan madaniy meros obyektlari, eko- va agroturizm obyektlari, koʻngilochar maskanlar va hunarmandchilik markazlari bilan yaqindan tanishadi.
Xorazm va Qoraqalpogʻiston boʻylab “Qalʼalar halqasi” turistik yoʻnalishi xorijlik va mahalliy sayyohlarga yurtimizda joylashgan qadimiy qalʼlar – Ichan Qalʼa, Ulli Hovli, Qalajiq qalʼa, Sulaymon qalʼa, Toshqalʼa, Ayazqalʼa, Tuproqqalʼa va Ellikqalʼa tarixi bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratadi.
Mazkur turistik yoʻnalishlar mamlakatimizning qadimiy qadamjolariga xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimini koʻpaytirishga va yurtimiz turizm salohiyatini oshirishga yordam beradi.