Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, yangi yilning birinchi sutkasida 2316 nafar chaqaloq dunyoga keldi. Bu soʻnggi besh yildagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Maʼlumot uchun, 2018-yilning xuddi shu kuni 1961 nafar, 2019-yilda — 1708 nafar, 2020-yilda 1974 nafar, 2021-yilda esa 1644 nafar chaqaloq tugʻilgan edi.

2022-yilning 1-yanvar kuni tugʻilgan chaqaloqlarning 1118 nafari qiz, 1198 nafari esa oʻgʻil bola boʻlib, eng koʻp chaqaloq Samarqand viloyatida (270 nafar) tugʻildi.
Shuningdek:

ikkinchi oʻrinda Fargʻona viloyati (239 nafar),

uchinchi oʻrinda Namangan viloyati (218 nafar),

toʻrtinchi oʻrinda Surxondaryo viloyati (213 nafar chaqaloq) qayd etildi.

Qolaversa, shu kuni tugʻilish koʻrsatkichi boʻyicha:

5-oʻrinni Qashqadaryo viloyati (210 nafar),

6-oʻrinni Andijon viloyati (197 nafar),

7-oʻrinni Toshkent shahri (177 nafar),

8-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi (156 nafar),

9-oʻrinni Toshkent viloyati (155 nafar),

10-oʻrinni Xorazm viloyati (115 nafar),

11-oʻrinni Buxoro viloyati (113 nafar),

12-oʻrinni Jizzax viloyati (102 nafar),

13-oʻrinni Navoiy viloyati (90 nafar),

14-oʻrinni Sirdaryo viloyati (61 nafar) band etdi.

Dunyoga kelgan bolalarning 12 tasini ikki homilali, 1 tasini toʻrt homilali egizaklar (jami 28 nafar chaqaloq) tashkil qiladi.

Eslatib oʻtamiz, yurtimizda davom etayotgan dam olish kunlari mamlakatimizdagi qator tibbiyot muassasalari bilan birga, 238 ta tugʻruq komplekslarida jami 3807 nafar tibbiyot xodimi, jumladan, 509 nafar akusher-ginekolog, 315 nafar neonatolog, 1159 nafar doya, 1824 nafar hamshira navbatchilik asosida aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.