Oʻzbekistonda yuqori aniqlikdagi raqamli intellektual datchiklar va chiplar ishlab chiqarilishi mumkin

    Raqamli texnologiyalar vaziri Xitoyning chip va datchiklar ishlab chiqaradigan kompaniyasi vakillari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyning “Shandong Huake Semiconductor Research Institute Co.” kompaniyasi boshqaruvi raisi, Shandong Hi-Speed Group vakili Tyan Szinlyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvdan asosiy maqsad — o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kelgusida loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

    Uchrashuv davomida kompaniya vakillari tomonidan O‘zbekiston hududida yuqori aniqlikdagi raqamli intellektual datchiklar va chiplar ishlab chiqarish va ushbu mahsulotlarning xorijiy davlatlarga eksportini yo‘lga qo‘yish maqsad qilinganligi ta’kidlandi.

    Shuningdek, uchrashuvda xorijiy hamkorlar tomonidan Respublikada mavjud boshqa investision loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

    O‘z navbatida, uchrashuv yakunida ikki tomon vakillari o‘zaro manfaatli loyihalar ustida ishlashga kelishib oldilar.