баннер
11 Apr 2025
02:25

    Oʻzbekistonda yuqori hosil olgan fermerlar endi uch karra kam yer soligʻi toʻlaydi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan fermerlarga bir qator imtiyozlar beriladi.

    Oʻzbekistonda fermerlarga bir qator imtiyozlar berilmoqda. Bu 28-mart kuni qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida belgilangan.

    Qarorga koʻra, 2025-yil hosilidan boshlab har yili paxtadan 50 sentner/gektar, gʻalladan 80 sentner/gektardan yuqori hosil olganini soliq hisobotlarida aks ettirgan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga kelgusi yilda:

    • ijaraga olingan jami yer maydonining 25 foiziga almashlab ekish usulida chorva uchun ozuqa, sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va dukkakli ekinlarni ekish (joylashtirish) kafolatlanadi;
    • Oʻzbekiston fermerlari kengashiga aʼzolik badali paxta xomashyosi boʻyicha birjada eʼlon qilinadigan boshlangʻich narxdan va donning shakllangan oʻrtacha narxidan 0,3 foiz miqdorida belgilanadi;
    • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmonining 15-bandiga muvofiq yer soligʻini hisoblashda bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda uch karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanadi.

    Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi kooperativlariga aʼzo boʻlgan fermer xoʻjaliklarining 50 foizidan oshmagan qismiga paxta yetishtirish uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining resurslari hisobidan 50 foizlik mol-mulk garovi, xususan, yerga ijara huquqi gʻarovi bilan imtiyozli kredit ajratishga ruxsat etiladi, bunda ushbu kredit paxta xomashyosining eʼlon qilingan boshlangʻich narxidan kelib chiqib ajratiladi.

    Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi kooperativlariga aʼzo boʻlgan fermer xoʻjaliklari yetishtirgan paxta xomashyosini toʻgʻridan toʻgʻri xarid qilishga ruxsat beriladi, bunda toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning axborot portalida tuzilishi va ular boʻyicha toʻlovlar birjaning hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish (toʻlov hujjatlariga muvofiq pul oʻtkazish) qoidalari asosida amalga oshirilishi belgilandi.

    Hujjatga koʻra, barcha turdagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishda 2025-yil 11-martdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:

    • elektron onlayn auksion savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani eʼlon qilish muddati 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolarda – 5 kundan 1 kunga qisqartiriladi;
    • takroriy savdolarda faqat bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda eʼlon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;
    • har takroriy savdoda lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlangʻich narxning 20 foiziga tushganiga qadar pasaytiriladi.

    1-aprel kunidan auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash va toʻlov toʻliq toʻlanganda chegirma berish tartibi bekor qilinadi, ushbu toʻlovlar 15 ish kuni ichida toʻliq toʻlanishi shartligi belgilandi.

    2025-2026-yillarda auksion savdolariga chiqariladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar jami maydonining oʻrtacha 10–20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqariladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech