O'zbekistonda yuridik ta'limni isloh qilish: yangi bosqichga qadam

    Ta'lim 17 Dekabr 2025 18

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-son "O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni mamlakatimizda yuridik ta'lim tizimini tubdan yangilash va xalqaro standartlar darajasiga ko'tarish borasida muhim qadam hisoblanadi.

    Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan ushbu farmonga muvofiq qabul qilingan 267-um-sonli buyruq esa bu islohotlarni amaliy yo'lga qo'yish mexanizmlarini belgilab beradi.

    Amaliy ta'limga yangicha yondashuv

    Farmonning eng muhim jihatlari orasida 2026/2027 o'quv yilidan boshlab universitet talabalari uchun amaliy o'qitish hamda klinik va dual ta'lim tamoyilini joriy etish ko'zda tutilgan. Bunga ko'ra, ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi kurs talabalari ta'lim dasturlarining 50 foizini auditoriyalarda nazariy darslar sifatida, qolgan 50 foizini esa sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik tashkilotlarda amaliy mashg'ulotlar sifatida o'taydilar.

    Bu yondashuv talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uzviy bog'lashga xizmat qiladi. "Problem-based learning" usuli yordamida talabalar muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, mustaqil xulosa chiqarish kabi "yumshoq ko'nikmalar"ni (soft skills) egallaydilar. Klinik seminarlar esa sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura va konsalting tashkilotlarda o'tkaziladi.

    Ta'lim tizimining tuzilmaviy o'zgarishlari

    Farmon universitetnng tashkiliy tuzilmasiga ham sezilarli o'zgarishlar kiritadi. Kafedra tizimi o'rniga akademik departamentlar, tadqiqot markazlari hamda amaliyot va karera markazlaridan iborat yangi model joriy etiladi. Akademik departamentlar sho'balari bevosita sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham tashkil etilib, ta'lim dasturlari tegishli tashkilotlar xodimlari ishtirokida amaliyotdan kelib chiqib takomillashtiriladi.

    Fakultet dekanlari, departament boshliqlari va tadqiqot markazi rahbarlari ikki o'quv yiliga saylanadi, bunda bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq mazkur lavozimlarni egallashi mumkin emas. Bu yondashuv shaffoflik va demokratik boshqaruv tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan.

    Sun'iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar

    Yuridik ta'limga sun'iy intellektni joriy etish farmoning alohida yo'nalishini tashkil etadi. 2026/2027 o'quv yilidan boshlab elektron ta'lim platformasida talabaların oraliq bilim darajasini aniqlash, yakuniy nazorat ishlarini sun'iy intellekt yordamida baholash, tyutorlik faoliyatini talaba ko'makchisi sifatida amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, protsessual fanlardan dars jarayonlarida virtual sud majlislari va tergov jarayonlarini imitatsiya va simulyatsiyalarini virtual reallik texnologiyalari orqali amalga oshirish ko'zda tutilgan.

    Yangi "Raqamli huquq" (Digital Law) xalqaro ta'lim yo'nalishi joriy etiladi. Bu yo'nalishga qabul qilish xalqaro standartlarga muvofiq IQ test tartibida o'tkaziladi va tanlovda chet tillari bo'yicha B2 darajadagi sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi. O'quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi hamda xorijiy professor-o'qituvchilar jalb etiladi.

    Xalqaro hamkorlik va integratsiya

    Farmon universitetning xalqaro miqyosdagi faoliyatini kengaytirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratadi. Buyuk Britaniya, Polsha, Xitoy va Koreya Respublikasi universitetlari bilan qo'shma ta'lim dasturlari, xorijiy diplom berishga asoslangan ta'lim yo'nalishlari ochiladi. Yevropa huquqi, Jahon savdo tashkiloti huquqi, Ingliz huquqi, Turk-o'zbek huquqi va Xitoy huquqi markazlari tashkil etiladi.

    Universitet 2030-yilga qadar nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) reytingida huquq sohasi bo'yicha yuqori 1000 talik universitetlar ro'yxatiga kirishi maqsadi qo'yilgan. Bunga erishish uchun xalqaro akkreditatsiyadan o'tish, Scopus bazasida indekslangan maqolalar sonini oshirish, xorijiy professor-o'qituvchilar jalb etish kabi qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

    Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar

    Professor-o'qituvchi va doktorantlar faoliyatining amaliyotdagi o'zgarishlar bilan uzviy bog'liqligi ta'minlanadi. Ular uchun sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat tashkilotlarida har haftada kamida bir marotaba stajirovka o'tash tizimi yo'lga qo'yiladi. Universitetning tadqiqot markazlari qonun loyihalari hamda xalqaro-huquqiy hujjatlarga qo'shilish bo'yicha qonun loyihalarining ilmiy ekspertizasini o'tkazish huquqiga ega bo'ladi.

    Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy ishlanmalar natijalarini tijoratlashtirish hamda intellektual faoliyat natijalarini amalda joriy etish maqsadida "Spin-off" kompaniyalari tashkil etiladi. "Huquqiy texnologiyalar va sun'iy intellekt laboratoriyasi" kabi ixtisoslashgan tuzilmalar yaratiladi.

    Moddiy-texnik baza va moliyaviy mustaqillik

    Farmon universitet infratuzilmasini yangilash va kengaytirishga katta e'tibor beradi. Yangi Toshkent hududida universitetning zamonaviy kampusini barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy banklar va yirik quruvchi kompaniyalar jalb etiladi. Qo'shimcha binolar xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilma yaratish, zamonaviy o'quv-laboratoriya uskunalari va kompyuter texnikasi bilan ta'minlash nazarda tutilgan.

    Universitet moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish maqsadida yillik umumiy moliyaviy daromadining 5 foizidan oshmaydigan qismini talabalar va professor-o'qituvchilar ishtirokidagi startaplar, LegalTech va tadbirkorlik loyihalarini qo'llab-quvvatlashga yo'naltirish belgilangan.

    Xulosa

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-232-son Farmoni yuridik ta'limni xalqaro standartlar darajasiga ko'tarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va amaliyot bilan uzviy bog'lash orqali yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini yaratishga qaratilgan. Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan ishlab chiqilgan batafsil yo'l xaritasi 2030-yilgacha bo'lgan davrda amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlarni o'z ichiga oladi.

    Bu islohotlar natijasida universitet nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqada yetakchi yuridik ta'lim muassasasiga aylanishi, bitiruvchilari zamonaviy bozor talablariga to'liq javob beradigan, nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarga ega bo'lgan mutaxassislarga aylanishi kutilmoqda. Farmonning amalga oshirilishi O'zbekiston huquqiy tizimini rivojlantirish va davlat boshqaruvida huquq ustuvorligini ta'minlash borasida muhim hissa qo'shadi.

    Doniyorbek Davronov,
    Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi kafedrasi o`qituvchisi