Oʻzbekistonda zaʼfaron quritish va qayta ishlash korxonasi ochiladi

    Sanoat 7 Oktabr 2024 715

    OʻzbErtaga Jizzax viloyatining Baxmal tumanida joylashgan zaʼfaron plantatsiyalarini kengaytirish, quritish va qayta ishlash loyihasining tantanali ochilish marosimi oʻtkaziladi.ekistonda zaʼfaron quritish va qayta ishlash korxonasi ochiladi

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham yuqori sifatli zaʼfaron yetishtirishda salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, Jizzax viloyati hududidagi zaʼfaron plantatsiyalarida bugungi kunda 15 dan ortiq zaʼfaronli mahsulotlar ishlab chiqariladi.

    Mazkur loyihaning umumiy qiymati 103 million yevro boʻlib, 80 million yevro xorijiy investitsiyalar, 13 million yevro “Oʻzsanoatqurilishbank” kredit resurslari hamda 10 million yevro oʻz mablagʻi hisoblanadi.

    Xolding hamda Italiyaning “FIN.OPERA SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda “BMB-OPERA ZAFFERANO” korxonasi tashkil etildi, umumiy hisobda 80 million yevro investitsiyadan hozirgi kunga qadar 60,8 million yevro miqdoridagi investitsiyalar oʻzlashtirildi, qariyb 120 ta doimiy va 25 ming nafar mavsumiy ish oʻrinlari yaratildi. Bugungi kunga kelib, zaʼfaron plantatsiyalarining umumiy maydoni 700 gektarni tashkil etadi.

    Statistikaga qaraydigan boʻlsak, 2021-yilda 1,2 million yevro, 2022-yilda 2,7 million yevro, 2023-yilda 4,5 million yevro zaʼfaron mahsulotlari eksport qilindi.

    Control Union Certifications (Niderlandiya) tashkiloti mutaxassislari tomonidan zaʼfaron plantatsiyasida mahsulotni ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, terib olish, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash jarayonlari toʻliq oʻrganilib, BMB Zaʼfaronʼga USDA ORGANIC sertifikati taqdim qilindi.

    USDA organic — bu AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat. Sertifikatlash faqat malakali va vakolatli USDA organic xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. USDA yoki Milliy organik standart mamlakat fuqarolarini sogʻlom va tabiiy organik mahsulotlar isteʼmoliga oʻtkazish uchun noyob milliy dasturning bir qismi sifatida qabul qilingan. Bugungi kunda USDA organic deb belgilangan mahsulotlar kamida 95 foiz ekologik toza tabiiy ingrediyentlarni oʻz ichiga olishi kafolatlanadi.

    Qolaversa, bir necha yillik chuqur va tahliliy tekshiruvlardan keyin Oʻzbekiston va Xitoy idoralararo komissiyasi xulosasiga koʻra, oʻzbek zaʼfaronini Xitoyga eksport qilish boʻyicha tegishli ruxsatnomaga ega boʻldi. Bu orqali dunyoning eng yirik bozori ham oʻzbek “qizil oltin”i uchun oʻz eshiklarini ochdi.

    Shuningdek, Italiyaning Milan shahrida “BMB Spices & Herbs” Italiya — Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi taʼsis etilgan boʻlib, oʻzbek zaʼfaroni Yevropa bozorlariga “ORO ROSSO Milano” brendi ostida eksport qilinyapti.

    Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, zaʼfaron maydonlarida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda sinov tariqasida AgroNanoGel Basic gidrogel mahsulotini qoʻllay boshlandi. Gidrogel oʻsimliklar uchun suv zaxirasidir. Uning qoʻllanilishi butun vegetatsiya davrida oʻsimliklar uchun optimal suv sharoitlarini taʼminlaydi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishloq xoʻjaligida gidrogelning qoʻllanilishi 40-45 foizgacha suvni tejash imkoniyatini beradi. Ushbu mahsulot sinov yakuniga koʻra ommalashtiriladi, qolaversa, zaʼfaron va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlarida suv sarfini sezilarli darajada kamaytiradi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.