Oʻzbekistondagi 3 ta OTM ilk bor “THE”ning roʻyxatidan joy oldi

    Buyuk Britaniyaning nufuzli Times Higher Education xalqaro reyting tashkiloti World University Rankings-2025 TOP-1000 oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatini eʼlon qildi.

    Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, ilk bor ushbu reytingda respublikamizning 3 ta oliy taʼlim muassasasi — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 601-800 oʻrinni, Oʻzbekiston milliy universiteti 1001-1200, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1501-oʻrinni egalladi.

    Bundan tashqari 48 ta Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkiloti reportyor (daʼvogar) maqomida roʻyxatga kiritildi.