Bu haqda Respublika aerogeodeziya markazi boʻlim boshligʻi I.Toshtanov maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, topografik syomka ishlari uchun maxsus samolyot, aerofotokamera va 112 ta dron xarid qilingan. Shuningdek, sohada 6 ta axborot tizimi va maʼlumotlar markazi ishga tushirildi. Natijada zaxiradagi 1,2 million gektar qishloq yerlariga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, 675 ming aholi va fermerlarga 425 ming gektar yer ajratilgan.
Respublikamizdagi yer fondi toifalari boʻyicha hududlar kesimida monitoring ishlari va xatlovlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi yillarda yer resurslarini samarali boshqarish, ulardan oqilona foydalanish yangi bosqichga chiqdi. Buning natijasida mamlakatimizdagi barcha yer maydonlarida bosqichma-bosqich xatlov oʻtkazilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi yer toifasida boʻlgan, amalda sanoat yoki boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish hamda Hukumat komissiyasiga takliflar kiritish boʻyicha Respublika aerogeodeziya markazi yetakchi mutaxassislari tomonidan yer maydonlari xatlovdan oʻtkazildi va elektron xaritalari yaratildi.
Ushbu ishlarni tashkil qilish uchun Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan Tecnam P2006T rusumli samolyotda olingan aerofotosuratlar yordamida ortofoplanlar tuzilib, xaritaga olinayotgan hududlardagi har bir obyekt yuqori aniqlikda mavzuli deshifrovka qilinadi.
Hozirgi kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari boʻyicha yer hisobida koʻrsatilgan yer maydonlarining amaldagi holati oʻrganildi.
Xorazm viloyatidagi yer fondining barcha 8 ta toifasi boʻyicha yer resurslarining hisobotda aks ettirilishi va ulardan amalda foydalanilishi boʻyicha aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, viloyat boʻyicha jami yerlar 608 ming 158 gektar koʻrsatilgan boʻlsa, xatlov natijasida ushbu yer maydoni 618 ming 432 gektarni tashkil qilgan.
Yer toifalarining oʻzgarishi asosan qishloq xoʻjaligi yerlariga toʻgʻri kelib, hisobot boʻyicha qishloq xoʻjaligi fondida turgan yer maydonlari amalda yer fondining boshqa turlariga oʻtib ketgan. Jumladan, aholi punktlari yerlari, sanoat yerlari, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, suv yerlari va tabiatni muhofaza qilish yerlari hisobiga oʻtgani aniqlangan. Umuman olganda oʻrganish natijasi boʻyicha Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Yer kodeksining 9-moddasiga asosan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidagi 60 ming 284 gektar yerlarni qishloq xoʻjaligi yer fondidan boshqa yerlar toifasiga oʻzgartirish yuzasidan Hukumat komissiyasiga taklif tayyorlandi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni xatlov qilish boʻyicha boshqa hududlardagi aniqlangan koʻrsatkichlar quyidagicha:
Andijon viloyatida hisobot boʻyicha 360 ming 585 gektarni tashkil etgan boʻlsa, oʻrganish natijasida 294 ming 756 gektar yer maydoni aniqlangan.
Ushbu koʻrsatkichlar Samarqand viloyatida hisobot boʻyicha 1 million 466 ming 18 gektardan amalda 1 million 270 ming 376 gektarga kamayishi kuzatilgan.
Surxondaryo viloyatida 1 million 356 ming 595 gektardan amalda 1 million 221 ming 314 gektarga kamayish aniqlangan boʻlsa, qishloq xoʻjaligi yerlari tarkibidagi sugʻoriladigan ekin yerlari maydoni hisobot boʻyicha 296 ming 982,7 gektarni, amalda esa 273 ming 475,3 gektarni tashkil etishi aniqlangan.
817 ming gektar aholi punktlari hamda sanoat yerlari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasida yuritib kelingani mazkur yer uchastkalarining mulkdorlariga oʻz yerlarini xususiylashtirish, garovga qoʻyish va koʻchmas mulk sifatida toʻliq tasarruf etishda toʻsiqlarni yuzaga keltirgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida jami 542 ming gektardan ziyod yer uchastkalarining toifalarini oʻzgartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, Hukumat komissiyasiga kiritildi.
Ushbu oʻzgarishlar yer toifalari boʻyicha maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlab, zamonaviy shaharsozlik va sanoat infratuzilmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.








