Oʻzbekistondagi Amerika savdo palatasi - 1997-yilda Oʻzbekistonda yashayotgan va faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy biznes vakillari tomonidan tashkil etilgan notijorat mustaqil uyushma boʻlib, u AQSH, Yevropa va Osiyo Tinch okeani mintaqasidan kompaniya rahbarlarini oʻzida birlashtiradi.

Uchrashuv chogʻida pandemiya sharoitlarida mamlakatda loyihalarni amalga oshirib kelayotgan va oʻz faoliyatini olib borayotgan xorijiy investorlar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar investitsiyalarni jalb etish va tadbirkorlikni, jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokida rivojlantirishning muhim omili sifatida davlat va xususiy sektor oʻrtasida doimiy va samarali muloqotni taʼminlash muhimligini taʼkidladilar. Shuningdek, har qanday mamlakatda investitsiyaviy muhitning asosiy tarkibiy qismi davlat tomonidan global iqtisodiy beqarorlik sharoitida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan, xorijiy ishbilarmonlar hamjamiyati vakillarini pandemiya sharoitida biznesni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning joriy etilgan mexanizmlari haqida keng xabardor qilishga, shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy investorlarga amaliy yordam berishga qaratilgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Amerika savdo palatasi oʻrtasidagi amaliy hamkorligining istiqbollari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini minimallashtirish va mamlakatdagi xorijiy korxonalar faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha Respublika Hukumati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida AQSH va boshqa mamlakatlar kompaniyalarini xabardor qilish maqsadida birgalikda veb-anjuman tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.