Prezidentimizning “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022–2023 oʻquv yilidan boshlab 400 nafargacha oʻquvchisi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida internet tezligi kamida 40 Mbit/s, oʻquvchilar soni 400 nafardan yuqori boʻlganlarda kamida 100 Mbit/s boʻlishini taʼminlaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yuqori tezlikdagi internetga ulash uchun zarur mablagʻlarni ajratadi.

Shuningdek, qayd etilishicha, Xalq taʼlimi vazirligi 2023-yildan boshlab har yili 1-avgustga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maʼnan eskirgan kompyuter texnikasi toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etib boradi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yildan boshlab har yili Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini zamonaviy kompyuterlar bilan taʼminlash boʻyicha moliyalashtirish manbalarini aniqlaydi.