Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan markazlashgan holda shartnomalar tuzilishi natijasida hozirda 5 mingga yaqin umumtaʼlim maktablari “Oʻzbektelekom” tomonidan maxsus ishlab chiqilgan “Education” tarif rejasiga ulandi. Keng polasali Internet tarmogʻiga ulanishi imkoniyati boʻlgan qolgan maktablarni ham ushbu tarifga oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Tarif boʻyicha quvvati 500 oʻquvchi oʻrnidan kam boʻlgan maktablar uchun internet tarmogʻiga ulanish tezligi 10 Mbit/s, 501 dan 1 000 gacha – 40 Mbit/s, 1 000 va undan yuqori oʻquvchi oʻrinli maktablar, informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktablar – 100 Mbit/s tezlikda ulanishi koʻzda tutilgan. “Tas-IX” tarmoqlariga ulanish tezligi barcha “Edusation” tariflarida 100 Mbit/s tashkil etadi.

Yangi tarif yordamida elektron taʼlim resusrlari (kitob.uz, edumarket.uz, edukids, Kundalik.com tizimi va boshqalar)da ishlash, Ochiq onlayn kurslaridan foydalanish, qoʻshimcha taʼlim olish uchun YouTube va boshqa tashqi platformalardan foydalanish mumkin.

Bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan barcha maktablarda kompyuter xonalari doimiy ravishda ochiq turishi va oʻquvchilar bundan samarali foydalangan holda oʻzlarining AKT savdxonligini oshirishi uchun sharoitlar yaratilishi ustida ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari oʻqituvchilar oʻz ustida ishlashlari uchun xalqaro taʼlim platformalari va resurslaridan erkin foydalanishlariga imkoniyat yaratildi.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kungacha barcha maktablar Ziyonet tarifidan foydalangan boʻlib, undagi tezlik hamda internet resurslari chegaralangan edi.