Oʻzbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat gʻamxoʻrligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida koʻmak berish tizimini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Inson hayoti, shaʼni va qadr-qimmatini ulugʻlash, muhtojlarga mehr bilan yondashish, ezgulik va adolat tamoyillariga sodiq qolish dinimiz, madaniyatimiz va anʼanalarimizning ajralmas qismi hisoblanadi.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda davlat va jamiyat oʻrtasida insonparvarlikka asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash, ehtiyojmandlarga yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Bu ezgu yoʻnalishda yurtimiz har qanday davrlarda oʻz bagʻrikengligi, mehr-shafqati va insonparvarlik anʼanalarini namoyon etib kelmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga (keyingi oʻrinlarda – mehmonlarga) boshpana berilishi hamda koʻmak koʻrsatilishi xalqimizning asrlar davomida shakllangan qadriyatlarga sodiqligi va davlatimizning haqiqiy insonparvarlik siyosati amalda ifoda boʻlayotganidan dalolat bermoqda.

    Mehmonlarga adolat tamoyili asosida doimiy gʻamxoʻrlik va ijtimoiy koʻmak koʻrsatishni taʼminlaydigan mexanizmlarni joriy etish maqsadida qaror qilaman:

    I. Mehmonlar ijtimoiylashuvini taʼminlash

    1. Mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi ishlar bajarilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin:

    a) mehmonlarni vaqtincha yashash obyektlariga joylashtirish, ularning birlamchi ehtiyojlari yuzasidan masalalar hal etildi;

    b) mehmonlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va zarur dori-darmonlar bilan taʼminlash choralari koʻrildi;

    v) mehmonlarning jamiyatga integratsiya qilinishi va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash maqsadida madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar va doʻstlik kechalari kabi tadbirlarni (shu jumladan, bolalar uchun) oʻz ichiga oluvchi maxsus dasturlar tashkil etildi.

    II. Mehmonlarni jamiyatga integratsiya qilish ishlarini jadallashtirish

    2. Falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni Oʻzbekiston Respublikasida yashashga moslashtirish jarayoniga koʻmaklashish boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

    a) mehmonlarga yaratilgan imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

    b) mehmonlarni hududlar kesimida joylashtirish hamda mazkur chora-tadbirlar bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish;

    v) mehmonlarni jamiyatga integratsiya qilish bilan bogʻliq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilish hamda bu boradagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va muammolarni hal qilishga qaratilgan choralar koʻrib borish;

    g) mehmonlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qisqa va uzoq muddatlarga moʻljallangan takliflarni ishlab chiqish, joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini monitoring qilish.

    III. Mehmonlar ehtiyojlarini aniqlash ishlarini tashkil qilish

    4. Respublika komissiyasi (S. Umurzakov) bir oy muddatda mehmonlar ehtiyojlari va imkoniyatlarini baholash orqali ularning jamiyatga integratsiyasini taʼminlash boʻyicha har bir oila uchun zarur boʻlgan ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish rejalarini ishlab chiqib, tasdiqlasin.

    5. Belgilansinki:

    a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda – Ijtimoiy himoya milliy agentligi) Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;

    b) mehmonlar bilan mahalla darajasida bevosita ishlar “mahalla yettiligi” va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tashkil etiladi;

    v) mehmonlar uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish rejalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning boʻlinmalari uchun majburiy hisoblanadi.

    IV. Mehmonlarni ijtimoiy xizmat va yordam bilan qamrab olish

    6. Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.Olloyorov):

    a) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov) bilan birgalikda ikki oy muddatda nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan mehmonlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan davolanish muddatidan qatʼi nazar nogironlikni belgilash choralarini koʻrsin;

    b) ikki hafta muddatda mehmonlarga zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanishini taʼminlasin.

    7. Belgilansinki:

    a) har bir mehnat yoshidagi mehmon (I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi;

    b) mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili boʻyicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi;

    v) mehmonlarga farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa toʻlovi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorda toʻlanadi;

    g) mehmonlarninghar bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplami) xaridi uchun bir martalik koʻtarma pul qoʻshimcha ravishda toʻlab beriladi;

    d) mehmonlarning oila aʼzolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual koʻmak koʻrsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini roʻyobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.

    V. Mehmonlarning farzandlarini taʼlimga jalb qilish

    8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (E. Karimova):

    a) mehmonlar yashash manzillari boʻyicha ularning farzandlarini davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga joylashtirish;

    b) mehmonlarning har bir farzandi oʻquv va tarbiya jarayoniga moslashishi uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarning direktorlari oʻrinbosarlarini biriktirish;

    v) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda taʼlim tashkilotlarida mehmonlar farzandlarining moslashuvi va har tomonlama kamol topishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirish choralarini koʻrsin.

    9. Belgilansinki:

    a) mehmonlar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovidan 2028-yil 1-yanvariga qadar ozod etiladi;

    b) mehmonlarning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatga qoʻyilmagan holda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi;

    v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–12-son qarori doirasida mehmonlarning farzandlarini davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha taʼlimga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy taʼlim tashkilotlariga tayyorlash yoʻnalishida) jalb qilish hamda ularni oʻqitish xarajatlarining 100 foizi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

    10. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K.Sharipov) ikki oy muddatda mehmonlarning xorijiy davlatda umumiy oʻrta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy taʼlim, qayta tayyorlash va malaka oshirish taʼlimi olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarini tan olishni test sinovlarisiz va yigʻim undirmagan holda amalga oshirsin.

    VI. Mehmonlarning sogʻligʻini qoʻllab-quvvatlash

    11. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov):

    a) mehmonlarning yashash manzillari boʻyicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qoʻyilishini taʼminlasin;

    b) mehmonlarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatishda kambagʻal oilalarga mansub shaxslar toifasi qatorida yoʻllanma ajratib borsin.

    VII. Mehmonlar bandligini taʼminlash

    12. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Zaxidov) Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.Olloyorov) bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonlarning xohishiga koʻra ularning bandligini taʼminlash, zamonaviy kasb-hunarni egallashiga koʻmaklashish boʻyicha Respublika komissiyasiga takliflar kiritsin.

    13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklari tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan mehmonlarni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, «Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash», “Biznesga birinchi qadam” va «Kambagʻallikdan farovonlik sari» dasturlari doirasida tadbirkorlikka jalb qilish choralarini koʻrsin. Bunda dasturlar doirasida mehmonlar moliyaviy koʻmaklardan foydalanishi uchun buyurtmalar qabul qilish va ajratilgan mablagʻlardan foydalanishni monitoring qilish hokim yordamchilari va mahalla bankirlari tomonidan amalga oshiriladi.

    VIII. “Mahalla yettiligi”ning mehmonlar bilan ishlashini tashkil etish

    14. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining 2-ilovaga muvofiq mehmonlarni hamjihatlikda mahallaning maʼnaviy muhitiga qoʻshish boʻyicha “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qoʻshimcha vazifalarni yuklash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

    15. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (K.Kuranbayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi (Z.Maxkamova) bir oy muddatda “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qoʻshimcha yuklatilgan vazifalarga asosan ichki dasturlarni qabul qilsin va reja-jadvalga muvofiq zarur choralar koʻrib borsin.

    IX. Mehmonlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish va Farmon ijrosini tashkil etish

    16. Iqtisodiyot va moliya vazirligining mehmonlarning masalalarini hal etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamgʻarmani tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    17. Belgilansinki:

    a) maxsus jamgʻarma quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

    (i) yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

    (ii) xalqaro tashkilotlarning grantlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

    (iii) maxsus jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga depozitga qoʻyishdan olingan foiz tarzidagi daromad;

    b) maxsus jamgʻarma mablagʻlari mehmonlarning quyidagi ehtiyojlariga yoʻnaltiriladi:

    (i) zarur shart-sharoitlar yaratish va tegishli xizmatlarni tashkil etish;

    (ii) turli xarajatlarni qoplash va qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;

    (iii) moddiy yordam koʻrsatish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish.

    18. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

    a) maxsus jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etish Respublika komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi;

    b) maxsus jamgʻarma xarajatlar yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritish Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;

    v) mehmonlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan begʻaraz beriladigan mol-mulklar (uy-joy va avtomototransport) mahalliy hokimliklar balansiga oʻtkazilib, Respublika komissiyasi tomonidan tasarruf etiladi.

    19. Bosh prokuratura (I. Adxamov) Ijtimoiy inspeksiya (X. Kutpiddinov) bilan birgalikda ushbu Farmonning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishini muntazam ravishda nazorat qilib borsin.

    20. Ichki ishlar vazirligi (A. Tashpulatov) Davlat xavfsizlik xizmati (B. Kurbanov), Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M. Olloyorov), Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) va Adliya vazirligi (A. Tashkulov) bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonlarga yashash guvohnomasi (ID-karta) rasmiylashtirilishini hamda ularning roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.

    21. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya boʻyicha maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.

    22. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining strategik rivojlanish boʻyicha maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV