O'zbekistondagi diniy bag'rikenglik Malayziya ilmiy doiralari diqqat markazida

    Malayziya Milliy universiteti saytida "O'zbekistonda diniy bag'rikenglik – yondoshuv va qarashlar o'zgarishi" sarlavhali maqola e'lon qilindi.

    Unda qayd etilishicha, 2018 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan "Ma'rifat va diniy bag'rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi O'zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusining amaliy ijrosi bo'ldi. Taklif etilgan rezolyutsiyadan ko'zlangan asosiy maqsad “ta'lim olish uchun umumbashariy erkinlikni ta'minlash, savodsizlik va jaholatni bartaraf etish” bilan izohlanadi.

    Alohida ta'kidlanganidek, hujjat bag'rikenglik va o'zaro hurmatni targ'ib qilish, diniy erkinlikni ta'minlash, e'tiqod kishilarining huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan.

    Maqolada so'nggi besh yil ichida O'zbekistonda sezilarli o'zgarishlar ro'y bergani va ko'plab sohalarda, jumladan, diniy-ma'rifiy sohada keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilgani ham o'z e'tirofini topgan.

    “Diniy sohada amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar va o'zgarishlar natijasida Buxorodagi Mir Arab Oliy madrasasi va Samarqandda hadisshunoslik maktabi o'z faoliyatini boshladi. Shu bilan birga, O'zbekistonda diniy va ma'naviy merosni asrab-avaylash, mavjud fondlarni boyitish, mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar uchun tarixiy manbalar bilan ishlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tarixiy va madaniy meros namunalarini har tomonlama tadqiq etishga katta ahamiyat berilmoqda”, deb yozadi Malayziya Milliy universiteti sayti.