O'zbekistondagi eng faol banklar aniqlandi

    2018 yilda 4 mingdan ortiq jismoniy shaxs masofaviy bank xizmatlaridan foydalangan bo'lsa, 2021 yil 1 yanvar` holatiga ko'ra ushbu ko'rsatkich qariyb 14 mingga etdi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O'zbekistondagi 31 ta tijorat banki uchun “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqilgan. Mazkur indeks asosida har chorakda banklar reytingi yangilab borilmoqda.

    Moliyaviy vositachilik, moliyaviy ommaboplik, kapital etarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati, likvidlilik kabi ko'rsatkichlar indeks mezoni hisoblanadi.

    Ushbu tadqiqot bank tizimi aktivlari tarkibida xususiy sektor ulushi o'zgarishlari, shuningdek, bank sohasidagi islohot va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy baholab borish uchun o'tkazilmoqda.

    Banklarni transformatsiya qilish jarayoni aholi turli qatlamining moliyaviy xizmatlarga talabini qondiradi. Hududlarni bank xizmatlari bilan qamrab oladi hamda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga hissa qo'shishi kutilmoqda.

    2018 yilda 4 mingdan ortiq jismoniy shaxs masofaviy bank xizmatlaridan foydalangan bo'lsa, 2021 yil 1 yanvar` holatiga ko'ra ushbu ko'rsatkich qariyb 14 mingga etdi. Bu esa bank sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish qamrovi sezilarli darajada oshganidan dalolat.

    2021 yil 1 mart holatiga ko'ra, respublika bank tizimi aktivlari 366,2 trillion so'm (2020 yil 1 martga nisbatan o'sish – 31,3 foiz), majburiyatlari – 306,6 trillion so'm (o'sish – 38,3 foiz), kapital 59,5 trillion so'm (o'sish – 12,4 foiz)ni tashkil etdi. Hozir bank tizimida 55 mingdan ziyod xodim faoliyat olib bormoqda.

    Banklar ikki guruhga ajratilgan – yirik banklar va kichik banklar. Reyting har bir guruh uchun alohida tuziladi. Kichik banklar guruhiga Toshkent shahrida yoki respublikaning faqat bir hududida faoliyat olib borayotgan banklar kiritilgan.

    17 ta yirik bank orasida Kapitalbank o'tgan yilning ikkinchi choragidan buyon etakchilikni saqlab qolmoqda. Kapital etarliligi, daromad olish salohiyati va boshqaruv samaradorligi bo'yicha yuqori natijalar Kapitalbankka umumiy reytingda o'z o'rnini mustahkamlashga yordam berdi.

    Xususan, bankning muddatli depozitlari kreditlariga nisbati 78 foizni tashkil etdi. Boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag'lar ulushi 3,5 foizga etdi.

    Trast bank umumiy reytingda 2020 yil to'rtinchi chorakdagi o'rnidan ikki pog'ona ko'tarilib, 2-o'rinni egalladi. Mazkur bank kapital etarliligi, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati hamda likvidlilik bo'yicha etakchi banklardan biriga aylanmoqda. Xususan, likvidlilikni qoplash koeffitsienti Markaziy bank tomonidan belgilangan me'yordan 5,2 barobar yuqori hisoblanadi.

    Aloqa bank davlat ulushi mavjud yirik banklardan biri sifatida umumiy reytingda 3-o'rinni saqlab qoldi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik, kapital etarliligi va aktivlar sifati bo'yicha yaxshi natijalarni ko'rsatdi.

    Bankning muddatli depozitlari kreditlariga nisbati 56 foizni tashkil etdi. Bu esa davlat ulushi mavjud boshqa banklardagi ko'rsatkichdan yuqori sanaladi. Boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi 26 foizga etgan bo'lsa, hukumatdan olingan qarzlar ulushi esa 11 foizni tashkil etdi. Bu bank tizimi o'rtacha ko'rsatkichidan (17 foiz) kam hisoblanadi.

    Bu yil birinchi chorakda Mikrokreditbank va O'zsanoatqurilish bank umumiy reytingda ko'tarilishga erishdi. Ushbu banklar o'tgan yilning to'rtinchi choragidagi pozitsiyasidan to'rt pog'ona yuqoriladi.

    Joriy yilning birinchi choragida O'zbekistonning 14 ta kichik bank orasidagi faollik reytingida uchta etakchi bank (Davr bank, Ziraat bank va Universal bank) 2020 yilning to'rtinchi choragiga nisbatan o'zgarishsiz qoldi.

    Davr bank va Universal bank moliyaviy ommaboplik bo'yicha eng yuqori natijalarni namoyish etdi. Ziraat bank kapital etarliligi va boshqaruv samaradorligi bo'yicha etakchi banklardan biri bo'lib qolmoqda.

    Xalilulloh HAMIDOV,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

    bosh ilmiy xodimi