Ijtimoiy-iqtisodiy, moliya sohasidagi dunyoning yetakchi mutaxassislari ishtirok etayotgan tadbirning asosiy maqsadi hukumat oldiga qo'yilgan yangi maqsad va vazifalar, xalqaro moliya institutlarining tavsiyalari, shuningdek, xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar yuzasidan fikr almashish jarayonlari uchun imkoniyat yaratishdir.
Xususan, suhbatda xalqaro ekspertlar bilan O'zbekistonning barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlashdagi so'nggi yutuqlari yuzasidan olingan tajribalar va keyingi qadamlar hamda inson kapitalini rivojlantirish va uning kambag'allikni qisqartirishdagi o'rniga qaratilgan islohotlar, shu jumladan, yoshlar salohiyatini oshirish va yangi ish o'rinlarini yaratishga ko'maklashish bo'yicha amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlar ko'rib chiqildi.
Tashrif buyurgan xorijiy mutaxassislar bilan ommaviy axborot vositasi xodimlarining suhbatlari tashkil etishib, OAV vakillari o'zlarini qiziqtigan savollarga javob olishdi.
Xususan, Turkiyadan tashrif buyurgan soha mutaxassisi, turkiyalik iqtisodchi Erk O'zbelgedan Yuz.uz muxbiri intervyu oldi.
O'zbekiston iqtisodiyoti haqida fikrlaringizni bildirsangiz?
– O'zbekiston iqtisodiyoti barqaror holatda rivojlanib bormoqda. Hozirda mamlakatingizning qarzdorligi va YAIM mutanosib holatda bo'lishi ta'minlanmoqda. Milliy valyutangizning inflyatsiya darajasi ortib ketmasligi yaxshi nazoratga olingan.
O'zbek so'mi bilan AQSh dollari o'rtasidagi o'zgaruvchan qiymat ham yaxshi holatda saqlanmoqda. O'zbekiston Markaziy banki iqtisodiyot barqarorligini ta'minlash maqsadida juda yaxshi ta'sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ya'ni boshqa mamlakatlardagi kabi iqtisodiy nomutanosiblik O'zbekistonda u qadar ko'p kuzatilmaydi. Ya'ni, o'lkangiz iqtisodiyotida kutilgan va oldini olish mumkin bo'lgan o'zgarishlar yuz bermoqda. Ayni shu jihatlar xorijiy investorlar uchun har tomonlama qulay sharoit, imkoniyat hisoblanadi. Kuzatishlarimga asosan aytadigan bo'lsam, O'zbekistonning eksport salohiyati yanada ortib bormoqda. Ishchi kuchi ham etarli. Ya'ni, bu yerga investitsiya kiritish uchun hamma sharoit va imkoniyatlar mavjud. Davlat tomonidan yaratilib berilayotgan investitsion sharoitlar ertaga bu mamlakatga kapital olib kirayotgan investorlar vaqti kelib yaxshi foyda olishini ta'minlaydi. Shularni hisobga olib, xorijiy ishbilarmonlarni O'zbeksitonga investitsiya kiritishini tavsiya qilgan bo'lardim.
Siz ham iqtisodchi sifatida O'zbekistonda ishlashni tanlagan bo'larmidingiz?
– Albatta, bajonidil ishlagan bo'lardim.
Nima sababdan aynan O'zbekistonda ishlashni ma'qul deb bilardingiz?
– Go'zal va betakror, ishonchli mamlakat, Menimcha, ishlashni ertaga emas, bugundan boshlash har jihatdan foydalidir dedi, — turkiyalik iqtisodchi, Erk O'zbelge.
Yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar qanchalik yuksaklarga quloch yoygani va iqtisodiyotimizdagi barqaror rivojlanish o'z natijasini berayotganining e'tirofi bu.
Shuningdek, kun davomida “Aholi farovonligini oshirishda barqaror iqtisodiy o'sish, investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida tadbir ham tashkil etildi.
Tadbirning “Transport sohasida islohotlar, Davlat xususiy sherikchilik loyihalari va xalqaro hamkorlik jarayonlarining sohadagi o'rni” mavzusidagi sessiyada transport sohasida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.
Haftalik doirasida o'tkazilayotgan mazkur tadbirdan asosiy maqsad, O'zbekistonning transport va logistika tizimi rivojlantirish borasida xorijiy sheriklar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikdagi loyihalarni samarali amalga oshirish, shuningdek, chet el jamoatchilik vakillarining sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va tub o'zgarishlar holati va istiqbollari bilan tanishtirishdan iboratdir.
– So'nggi yillarda mamlakat transport tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijalari va tahliliga to'xtalib o'tmoqchiman. O'tgan yil mobaynida asosiy e'tibor hududlarda yo'lovchi transporti xizmatlarini kengaytirish va yaxshilashga qaratildi. 2024-yilning dastlabki sakkiz oyida butun mamlakat bo'ylab 4,2 millarddan ortiq yo'lovchi tashishga erishildi. O'sish sur'ati 2023-yilning shu davriga nisbatan 106,0% ni tashkil etdi dedi, — O'zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekistonda transport sektorini barqaror rivojlantirish maqsadida infratuzilmani yaxshilash, xizmatlarni modernizatsiya qilish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha olib borayotgan sa'y-harakatlar nafaqat iqtisodiy o'sishni tezlashtiradi, balki barcha fuqarolar uchun hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Zulxumor Akbarova