O'zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti qanday baholandi?

    Aksariyat korxonalar vakillari o'z biznesini yanada qo'llab-quvvatlash zarurligini ta'kidladi. Tadbirkorlarni tashvishga solayotgan muammolar qatoriga kredit mablag'lari bilan ta'minlash, er uchastkalari ajratish, soliq stavkalarini pasaytirish va kreditlar bo'yicha foiz stavkalarini pasaytirish kiradi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi shu yilning mart oyida kelgusi uch oy ichida oʻz biznesini rivojlantirish istiqbollarini qanday baholashini bilish uchun respublika boʻylab mingga yaqin korxonalar vakillari bilan suhbat oʻtkazdi.

    Korxonalarni oʻrganish ikki yoʻnalishda olib borildi: biznesning hozirgi holatini sifatli baholash va tadbirkorlarning keyingi uch oy ichida oʻz biznesini rivojlantirish istiqboliga boʻlgan ishonchi.

    Ishbilarmonlik muhitining jamlangan koʻrsatkichi joriy yilning fevral oyiga nisbatan besh pogʻona oʻsdi va 65 ballni tashkil etdi. Bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti ijobiy ekanidan dalolat. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning aprelidagi inqiroz davriga nisbatan ikki baravar yuqori.

    Qishloq xoʻjaligi sohasidagi ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichi 13 punktga oshib, 81 punktni; xizmatlar oʻtgan oyga nisbatan 1 punkt pasayib, mart oyida 58 punktni; qurilish va sanoat 2 punktga oʻsib, 67 va 54 punktni tashkil etdi.

    Mart oyida biznesning hozirgi koʻrsatkichi 3 punktga oʻsib, 47 punktni tashkil etdi. Bu esa, oʻz navbatida, tadbirkorlarning biznesning hozirgi holatiga nisbatan fikri ijobiy ekanini tavsiflaydi.

    Oʻz biznesining ayni holatini yaxshi deb qayd etgan respondentlarning ulushi oʻzgarishsiz (41 foiz) qoldi. Korxonalarda tovar/xizmatlarga boʻlgan talab 40 foiz oshgan (fevral oyida 37 foiz). Xodimlar soni esa 28 foizga (fevral oyida 20 foiz) yetgan.

    Tadbirkorlarning qishloq xoʻjaligi sohasida oʻz biznesining hozirgi holatiga nisbatan fikri fevral oyidagi 50 punktdan mart oyida 70 punktgacha yaxshilandi.

    Oʻtgan oyda sanoatda biroz pasayish qayd etildi — 38 punkt (fevralda 39 punkt), qurilish — 42 punkt (fevralda 45 punkt) va xizmat koʻrsatish sohasida — 36 punkt (fevralda 43 punkt).

    Xizmat koʻrsatish sohasi vakillari biznesning tushish holatini tovar va xizmatlarga boʻlgan talabning kamayishi (21 foiz) va kreditlarni toʻlashdagi qiyinchiliklar (21 foiz) bilan bogʻlashgan.

    Shu yilning mart oyida biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutish koʻrsatkichi 6 punktga oʻsib, 83 punktni tashkil etdi. Bu tadbirkorlarning keyingi uch oy davomida oʻz biznesini rivojlantirish istiqbollari va taxminlari haqidagi ishonchi yuqori ekanini aks ettiradi.

    Respondentlarning 83 foizi oʻz biznesi istiqbolli ekanini taxmin qilgan (fevral oyida 79 foiz). Tovar va xizmatlarga talab oshishini kutayotgan tadbirkorlar soni oʻtgan oydagi kabi 73 foizni tashkil etdi.

    Aksariyat korxonalar vakillari oʻz biznesini yana-da qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi. Tadbirkorlarni tashvishga solayotgan muammolar qatoriga kredit mablagʻlari bilan taʼminlash, yer uchastkalari ajratish, soliq stavkalarini pasaytirish va kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini pasaytirish kiradi.

    Tadqiqot natijalari koronavirus pandemiyasi va tabiiy hodisalar bilan bogʻliq oqibatlardan zarar koʻrgan iqtisodiyotni izchil tiklash zarurligini koʻrsatmoqda. Bu esa korxonalarni oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar va soʻnggi yillarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish sohasidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq.

    Feruzbek DAVLETOV,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi