Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining “OIC Today” jurnali ushbu maqolani oʻz sahifalarida eʼlon qildi. Unda Oʻzbekistonda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, bandlikni taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, bolalar va majburiy mehnatning va odam savdosining oldini olish boʻyicha mamlakatimiz erishgan muvaffaqiyatlar, shuningdek, bu sohada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.

Maqolada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” hamda “jamiyat — islohotlar tashabbuskori” tamoyillari mamlakat hayotidan mustahkam oʻrin olgani alohida taʼkidlangan.

“Davlat rahbarining siyosiy irodasi tufayli inson huquqlari va ularning kafolatlarini taʼminlashda, shuningdek, majburiy mehnatga, jumladan, bolalar mehnatiga barham berishda aniq natijalarga erishish mumkin boʻldi, — deb yozadi “OIC Today” jurnali. — Mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar allaqachon jahon hamjamiyati uchun namuna boʻlib qoldi”.