Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tashrif davomida Shoazim Minovarovning Qatar milliy kutubxonasi (QMK) prezidenti, davlat vaziri Hamad Abdulaziz al-Kavari va ijrochi direktori Tan Xyusim bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ilmiy qo‘lyozmalarni birgalikda o‘rganish, o‘zbek olimlari va mutafakkirlari asarlarining raqamli manbaalarini almashish, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va o‘rganishni yo‘lga qo‘yish, malaka almashish va mutaxassislar tashriflarini amalga oshirish, mushtarak ilmiy-amaliy anjumanlar tashkillashtirishga kelishib oldi.
Qatarlik suhbatdoshlar o‘zbek ulamolarining islom tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, ular tomonidan yaratilgan bebaho asarlar hamda hozirgi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi va amaliy saʼy-harakatlari bilan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, maʼrifiy va madaniy merosini asrab-avaylash, qayta tiklash va o‘rganish yuzasidan olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Qatar milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatlar ISM direktori Shoazim Minovarov va Qatar milliy kutubxonasi ijrochi direktori Tan Xyusim tomonidan imzolandi.
Qatarlik olim va mutaxassislar ishtirokida “O‘zbekistan buyuk allomalar yurti”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi. Tadbirlarda o‘zbek allomalarining dunyo va islom sivilizatsiyasiga, fan va taʼlimni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, hadis ilmini o‘rganish, astronomiya, matematika, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda olib borgan buyuk tadqiqotlari to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, ishtirokchilarning eʼtibori Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” g‘oyasi va uni amalga oshirish strategiyasiga qaratildi, respublikada so‘nggi yillarda ilm va fanni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ulkan ishlar hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiya markazi faoliyati to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Qatar milliy kutubxonasining nodir qo‘lyozmalar bo‘yicha boshqarmasi direktori Stefan Ipert kutubxonada saqlanayotgan taniqli mutafakkirlarimiz Imom Buxoriy, Xorazmiy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruni, Abu Ali Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek asarlari hamda Temuriylar davriga oid manbalar taqdimotini o‘tkazib, ular to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Qatar milliy kutubxonasi faoliyati, xususan u yerda saqlanayotgan ilm-fanning barcha sohalariga mansub bo‘lgan tarixiy asar va qo‘lyozmalar, xaritalar hamda turli tarixiy davrlarga oid noyob manbalar bilan tanishdi.









