Oʻzbekistondagi turistik zonalarda dor yoʻllarini qurish uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarning bir qismi qoplanadi

    Turizm 30 Iyun 2020 2220

    Oʻtgan yillarda mamlakatimizda eko va agro turizmni rivojlantirish yoʻlida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Shunday boʻlsa-da, bugungi kunga qadar ushbu yoʻnalishidagi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmagan. Xususan, hozirda Oʻzbekistonda jami 7 ta dor yoʻli sayyohlarga xizmat koʻrsatmoqda.

    Taqqoslash uchun, Qozogʻistonning birgina “Chimbuloq” togʻ-kurortida 4 ta, Ukrainaning Karpat togʻlarida 4 ta, Gruziyaning Gudauri kurortida 11 ta dor yoʻllari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, turistlarga xizmat qilmoqda.

    Mazkur yoʻnalishni rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida Prezident qarorida (19.06.2020-yildagi PQ-4755-son) investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarini bir qismi qoplanishi belgilangan.

    Hujjatga koʻra, dor yoʻllarini 2023-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga 500 metrdan kam boʻlmasligi boʻyicha talablar qoʻyilgan.

    Xarajatlar har bir 500 metr yoʻl uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 1 milliard soʻm miqdorida qoplanadi.

    Mazkur imtiyoz boʻyicha yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash boʻyicha dastlabki 50 ta loyihaga xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi belgilangan. 2020-yil 1-avgustdan boshlab kuchga kiradigan topshiriqda “Chorvoq” maxsus turizm zonasi hududida tashkil etilayotgan yoʻlovchi tashuvchi dor yoʻllari inobatga olinmagan.