Yaqinda Afgʻoniston Islom Respublikasi Qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi agrar korxonalar, agroklasterlar va ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ular qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, hosildor urugʻchilik, zamonaviy sugʻorish texnologiyalari hamda qayta ishlash sanoati yoʻnalishlarida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirildi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Afgʻoniston fermerlari va agrar tuzilmalariga begʻaraz yordam tariqasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berildi.
Jumladan, ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 5 tonna chigit (200 gektar yer maydoni uchun), 20 tonna sholi (100 gektar maydon uchun), 500 kilogramm mosh (25 gektar uchun), shuningdek, 187 kilogramm sabzavot urugʻlari va 600 kilogramm poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urugʻlari topshirildi.
Mazkur amaliy yordam Afgʻonistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq aholisi bandligini oshirish hamda agrar sohada innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston – Afgʻoniston oʻrtasidagi agrar hamkorlik bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Bu esa qoʻshnichilik tamoyillari va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarning amaliy ifodasidir.









