Koʻrsatilgan summa doirasidagi naqd valyuta mablagʻlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatmay olib kirish va olib chiqib ketish mumkin boʻladi. Ushbu summadan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablagʻlarini olib kirish va olib chiqib ketish chogʻida jami summa yozma ravishda deklaratsiyalanadi.
Jismoniy shaxslarga bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda naqd valyuta mablagʻlarini cheklanmagan miqdorda olib kirishga, ekvivalentda 100 mln soʻmga teng yoki undan oshmaydigan summa doirasida olib chiqib ketishga ruxsat berilgan (“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasi). Faqat quyidagi shaxslar koʻrsatilgan summadan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablagʻlarini respublika tashqarisiga olib chiqib ketishlari mumkin:
• rezidentlar – xorijiy davlatlarga xizmat safariga ketayotgan Hukumat delegatsiyasi aʼzolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida;
• norezidentlar – respublikaga kirish chogʻida rasmiylashtirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida deklaratsiya qilingan mablagʻlar doirasida, shuningdek respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan xalqaro musobaqalar (tanlovlar, olimpiadalar) sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan mablagʻlarning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida.
Sultonmurod Aminjonov,
Fargʻona viloyati bojxonasi “Fargʻona
aeroport” chegara bojxona posti boshligʻi