Oʻzbekistondan qimmatbaho kitoblar AQSH Kongressi kutubxonasiga topshirildi

    Madaniyat 17 Iyun 2022 2560

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Kongress kutubxonasiga “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasidan kitoblar toʻplamini topshirdi.

    Marosimda oʻzbek tilidagi kutubxona toʻplamlari saqlanayotgan Yaqin Sharq va Afrika adabiyoti boʻlimi direktori Joan Viks hamda Arab dunyosi boʻlimi boshligʻi Muxannad Salxi ishtirok etdi.

    Suhbat avvalida taqdim etilgan kitoblar nafaqat AQSH ilmiy-tadqiqot hamjamiyati vakillari, balki keng xalqaro auditoriyada ham qiziqish uygʻotishi taʼkidlandi.

    Xususan, oʻzbek xalqining tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylash, boyitish va kengaytirish masalalariga shaxsan Prezident Sh.M.Mirziyoyev eʼtibori tufayli amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi AQSH kitobxonlarini hayratga sola oladi, deb hisoblaydi J.Viks.

    Taqdim etilgan kitoblar uchun chuqur minnatdorlik bildirgan AQSH Kongressi kutubxonasi vakillari oʻzbek olimlarining ushbu qimmatli asarlari ularning kutubxona toʻplamida munosib oʻrin egallashini taʼkidladi.

    Tadqiqotchilarni Markaziy Osiyo va oʻrta asr Sharqiga mansub, ayrimlari 7 asrga oid nodir asarlar, tarixiy hujjatlarning noyob qoʻlyozma namunalaridan iborat faksimil qoʻlyozmalar hayratga soldi va quvontirdi.

    Tadbir yakunida kutubxona ekspertlari, Oʻzbekiston va AQSH ilmiy doiralari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, tarixiy qoʻlyozmalarni birgalikda raqamlashtirishga kelishib olindi.

    Xususan, Amerika tomoni AQSH Kongressi kutubxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga qiziqish bildirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.