Oʻzbekistonga energetika sohasi boʻyicha Yaponiyaning soʻnggi ishlanmalari taklif etildi

    Energetika 19 Iyul 2022 1426

    Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari “Nippon Steel” kompaniyasi bosh menejeri Takayuki Murakava, “Sumimoto Electric” kompaniyasi bosh direktori yordamchisi Tomoxiro Kagami va menejer yordamchisi Xideaki Kitamura bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida “Nippon Steel” va “Sumimoto Electric” kompaniyalari vakillari elektr energiyasini uzatish davomida energiya isrofini kamaytiradigan kabellarni taqdim etdi. “Nippon Steel” tomonidan maxsus yaratilgan yadro yordamida ishlab chiqarilgan kabel mavjud muqobillariga nisbatan elektr energiyasini uzatish paytidagi quvvat yoʻqotishlarini 15-25 foizga kamaytirib, kuchlanishni oshiradi. Shu bilan birga kabel diametrini qisqartiradi va u 40 yilgacha xizmat qilishi mumkin.

    Uchrashuvda Yaponiya kompaniyalari vakillari mamlakatimiz Energetika vazirligi, “Milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, «Energosetproyekt» loyiha instituti va respublika qurilish tashkilotlari bilan elektr tarmoqlarini loyihalash va qurishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.