— Hozirgi kunda mamlakatimizning turli hududlarida 200 ga yaqin turgʻun PZR loboratoriyalari mavjud, — deydi Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev. — Ammo bu chekka va olis hududlar aholisini toʻliq qamrab olishda baʼzi muammolarni yuzaga keltirayotgandi. Shu bois, bugun keltirilgan koʻchma mobil PZR laboratoriyasi va emlash punkti yurtimizning istalgan hududiga borib, koronavirus tahlillarini oʻtkazish imkonini beradi. Yana bir ahamiyatli jihati, mazkur zamonaviy texnika vositalari yordamida PZR testi natijalarini 1 soat muddatda olish mumkin.
Aytish kerakki, koʻchma mobil laboratoriya 2020-yilda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va OPASCA GmbH koʻmagida hayotga tatbiq etilgan “Germaniya hukumatining Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimiga texnik va tashkiliy yordami” loyihasi doirasida yurtimizga keltirildi. Unda aholi va tibbiyot xodimlari brigadasi uchun barcha qulayliklar mujassam.
Elektr energiyasi boʻlmagan vaziyatlarda ham 6 soatgacha xizmat koʻrsata oladi. Haydovchi va 3 nafar tibbiyot xodimi faoliyati uchun toʻliq moslashtirilgan. Ularning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va boshqa ehtiyojlari uchun zarur sharoitlarga ega.
Mobil PZR laboratoriyasi dastlabki faoliyatini Samarqand viloyatining chekka va aholi soni koʻp boʻlgan hududlaridan boshlashi kutilmoqda. Fuqarolar mazkur laboratoriyada koronavirusga bepul test topshiradilar.
Aytish joizki, Oʻzbekiston va Germaniya aloqalari tobora kengaymoqda. Jumladan, ikki davlat sogʻliqni saqlash tizimi oʻrtasidagigi hamkorlik koʻlami yildan yilga kengayib boryapti.
Bugun Germaniyaning OPASCA kompaniyasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan mazkur koʻchma mobil PZR laboratoriyasi Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga topshirilgani ham ana shu hamkorlikning amaliy natijalaridan biri boʻldi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.