Germaniyadagi Frayburg klinikasi kardiologiya va kardioxirurgiya sohasi boʻyicha dunyoda eng ilgʻor tibbiyot markazi hisoblanadi. Yaqinda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov mazkur klinika vakillari, shuningdek, Germaniyaning taniqli OPASCA kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda TTA negizida Xalqaro oliy onkologiya maktabi (IHSE) tashkil etilib, u yerda Germaniya taʼlimi va ilmiy dasturlari tajribasi asosida katta markaz tashkil etish toʻgʻrisida kelishib olindi. Tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga koʻra, ORASCA Xalqaro oliy onkologiya maktabi uchun muhim ixtisosliklar boʻyicha tajribalar almashiladi.

Delegatsiya tarkibida eng kichik mehmon 8 yoshli Maksim Morgenshtern ham boʻlib, u shahrimizdagi 191-maktabga borib, teng­qurlari bilan yaqindan tanishdi. Maksim ota-onasi va bobosi bilan Oʻzbekistonga kelishni intiqib kutgandi. Barcha bolalar singari Maksimning jajji tasavvurida ham oʻzga mamlakatlar ertaklardagi kabi sehrli tuyulardi. Ayniqsa, u quyoshli oʻlka toʻgʻrisida onasidan eshitganlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgisi kelardi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor A.Shodmonovning “Maksim, oʻzing singari bolalar oʻqiyotgan maktabga borishni istaysanmi?” degan savolidan quvonib ketdi. Soʻng onasi, bobosi hamda Mangeym klinikasi Bosh direktori Freddi Bergmann va Toshkent tibbiyot akademiyasi professorlari hamrohligida Olmazor tumanidagi 191-oʻrta maktabga yoʻl oldi.

Mehmonlarni maktab direktori va oʻqituvchilar, oʻquvchi-yoshlar samimiyat ila qarshi oldilar. Bolalar biri oʻzbek, biri rus, biri ingliz tilida germaniyalik tengdoshlariga maktab hayoti, oʻz qiziqishlari haqida soʻzlab berdilar.

Dastlab biroz tortinib, qimtinib turgan Maksimni kutubxona va oʻgʻil bolalar uchun moʻljallangan maxsus duradgorlik toʻgaragi, ayniqsa, musiqa xonasi juda qiziqtirib qoldi. Bolalar esdalik uchun suratga tushdilar.

Keyingi sinf xonasidagi suhbat ham juda maroqli kechdi. Maksim oʻzbek oʻquvchilariga otda sayr qilib, pianino chalishga boʻlgan qiziqishlari haqida soʻzlab berdi. Oʻz navbatida, mezbonlar ham fan va taʼlim, musiqa, sanʼat, ayniqsa, sportda erishayotgan kichik yutuqlari haqida toʻlqinlanib gapirib berishdi. Yetti yoshli Ibrohim sportdagi yutugʻini, Usmon esa besh yoshida Germaniyaga qilgan sayohati xususida oʻz taassurotlaridan soʻz ochdi.

Foydali mehnat va hunarga oʻrgatish maqsadida tashkil etilgan duradgorlik toʻgaragidan Maksim yangi doʻstlar orttirib chiqdi. Mehnat fani oʻqituvchisi Saodat Xudoyorova Maksimning mehnatsevar, aqlli, ilmga chanqoq, ayniqsa, oʻzgalar mehnatini qadrlaydigan xislatlarini ziyraklik bilan payqab qoldi. Ustachilik va duradgorlik sirlarini kun sayin puxta egallab borayotgan oʻquvchi shogirdlari Muhammadali, Ismoil va Kamollar qoʻl mehnati bilan yasalgan kichik hunarmandchilik buyumlariga ishlov berish sirlarini koʻrsatib, bu qiziqarli jarayonga Maksimni ham taklif etishdi. Oʻzbekistonlik doʻstlaridan esdalik boʻlishi uchun Saodat opa Maksimga parusli yogʻoch qayiq sovgʻa qildi.

Mehmonlarni kuzatish jarayoni, ayniqsa, unutilmas tarzda kechdi. Kutilmaganda maktab vestyublidagi ovoz uzatkichdan nemis kompozitori Shubertning mashhur “Serenada” asari yangradi. Oʻzbekistonlik operachi ijrosidagi bu afsonaviy asar mehmonlarni chinakamiga lol qoldirdi. Germaniyalik mehmonlarga hurmat ramzi timsolida yangrayotgan klassik musiqa fonida bizga intervyu bergan Mangeym klinikasi Bosh direktori Freddi Bergmann, Maksimning bobosi Ersen Chembolyuk va onasi Zoi Morgenshternlar oʻz soʻzlari yakunida deyarli bir gapni aytdilar:

– Oʻzbekistonga yaxshi niyat bilan kelganmiz. Odamlar hayoti va sogʻligʻi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratib berishga koʻmaklashayotgan hamkor davlat sifatida yangi lo­yihalarni boshlamoqchimiz. Demakki, doʻstona munosabatlarimiz har sohada keng quloch yoyib boraveradi. Biz kattalar singari farzandlarimiz ham bir-birlari bilan shu tarzda tanishib, doʻstlashib olsalar, ezgu ishlarimizning uzoq kelajakdagi natijasiga xizmat qiladi.

Gulchehra Mirzayeva,

jurnalist