Oʻzbekistonga keluvchi sayyohlar uchun koronavirus bilan bogʻliq barcha cheklovlar bekor qilindi

    Turizm 7 Iyun 2022 2327

    Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, 2022-yilning 10-iyunidan boshlab Oʻzbekistonga turizm maqsadida tashrif buyuruvchi kishilar uchun aviaqatnovlar, chegaradosh temir yoʻl stansiyalari va avtomobil oʻtkazish chegara punktlari orqali harakatlanishida koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq oʻrnatilgan vaqtinchalik cheklovlar bekor qilinadi.

    Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Shu bois xorijlik sayyohlar Oʻzbekistonga kelishidan oldin koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi boʻyicha manfiy natijali maʼlumotga ega boʻlishi, koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishi hamda tegishli tartibda emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega boʻlishi talab etiladigan Maxsus komissiyaning bayonlari bilan kiritilgan koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq qoidalar bekor qilinadi.

    Komissiya Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va kasallanishning dinamik pasayishi, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan va shifoxonalardan chiqarilayotganlar bemorlar sonining shifoxonaga yotqizilganlar soni, karantindan chiqarilayotgan fuqarolar sonining karantinga olinayotganlar soniga nisbatan ijobiy tomonga oʻzgarganligi, shuningdek dunyo mamlakatlarida epidemiologik vaziyatni eʼtiborga olib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflarini inobatga olgan holda shunday qarorga keldi.